Intizomiy jazosi bor xodimga ustama to‘lash mumkinmi?
Savol: Intizomiy jazosi bor xodimga ustama to‘lash mumkinmi?
Javob: Intizomiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi xodimning mehnati bilan bog‘liq rag‘batlantirish choralarini qo‘llamaslik uchun asos bo‘lmaydi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 299-moddasi beshinchi qismiga muvofiq intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qo‘llanilmaydi. Qoidaning mazmuniga ko‘ra, intizomiy ta’sir chorasi qo‘llanilgan xodimlarga mehnat natijasiga asoslanmagan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilmaydi. Ikkinchidan, ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar rag‘batlantirish turlari jumlasiga kirmaydi.
Yuqoridagi qoidaning mazmuniga ko‘ra, intizomiy jazo olgan xodim ustamaga da’vogarlik qilishi mumkin.
Savol: Yangi ish boshlagan tibbiy oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari hisoblangan yosh shifokorlarga ustamalar berish tartibi qanday?
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 16.01.2023 yildagi 3416-son bilan ro‘yxatga olingan qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan yosh shifokorlarga maxsus oylik ustamalar belgilangan bo‘lib, mazkur nizomning 13-bandiga ko‘ra ushbu ustamalar Tibbiyot muassasasi Maxsus komissiyasining tegishli qarori asosida qabul qilingan tibbiyot muassasasi rahbarining buyrug‘iga muvofiq belgilanadi.
Unga ko‘ra salohiyatli yosh shifokorlar uchun 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar ularning birinchi uch yillik mehnat faoliyati uchun belgilanadi.
Bunda yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlar uchun har oyda:
– birinchi yil uchun — 1 million so‘mdan;
– ikkinchi yil uchun — 750 ming so‘mdan;
– uchinchi yil uchun — 500 ming so‘mdan maxsus oylik ustamalar belgilanadi.
X. Nazirov –
Andijon viloyat, Shahrixon tuman
Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.