Ma’muriy sudlar faoliyati qanday yo‘lga qo‘yilgan


     O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy sudlar tizimi 2017 yil 1 yanvardan boshlab faoliyat yuritmoqda. Bu sudlar davlat organlarining qonunlarga, me’yoriy hujjatlarga, shu jumladan, fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlarini ta’minlashda, davlat xizmatlarining samaradorligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi.
    Ma’muriy sudlarning asosiy vazifasi – fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat organlari o‘rtasidagi ma’muriy munosabatlarga doir nizolarni hal qilishdan iborat. 
    Bunga quyidagilar kiradi:
1. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi.
2. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining, davlat boshqaruvi organlarining, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning (bundan buyon matnda ma’muriy organlar deb yuritiladi), fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining qonunchilikka mos kelmaydigan hamda fuqarolar yoki yuridik shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi.
3. Saylov komissiyalarining xatti-harakatlari (qarorlari) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi, shuningdek, notarial harakatni amalga oshirish, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozishni ro‘yxatga olish rad etilganligi yoki notariusning yoxud fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishlar.
    Ma’muriy sudlarga murojaat qilish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 5-moddasiga asosan fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi ma’muriy ishlar bo‘yicha - ariza (shikoyat) va iltimosnoma shaklida.
    Apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instansiyalari sudlariga murojaat etilganda  shikoyat (protest) shaklida amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.
    Sudning tuzilishi: O‘zbekistonda ma’muriy sudlar tarkibi quyidagicha:
    Hududiy ma’muriy sudlar – har bir viloyatda va Toshkent shahrida mavjud bo‘lib, ma’muriy nizolarni ko‘rib chiqadi.
    Ma’muriy sudlar bo‘limi – Oliy sudda ma’muriy ishlarga ixtisoslashgan bo‘lim mavjud.
    Sudning qarorlar chiqarish tartibi: Ma’muriy sudlar, odatda, ochiq sud majlisida qaror chiqargan holda, har bir tomonning fikrini eshitib, muammoni hal qiladi. Qarorlar ijro etilishiga oid masalalar ham sud tomonidan belgilanishi mumkin.
     Ma’muriy sudlar davlat organlarining faoliyatini nazorat qilishda yordam beradi, bu esa shaffoflikni oshiradi va fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini kuchaytirishga xizmat qiladi.
    Umuman olganda, O‘zbekistondagi ma’muriy sudlar tizimi davlat xizmatlari samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquqiy himoyasini ta’minlash va davlat boshqaruvining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ergashev Asadbek Jahongir o‘g‘li –
Andijon viloyat, Oltinko‘l tuman 
Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот