O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va undagi asosiy o‘zgarishlar
Yangilanish natijasida, bosh qomusimiz 6 bo‘lim, 27-bobdagi 155-moddadan iborat bo‘lib, undagi normalar 275 tadan 434 taga oshdi, ya’ni Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilandi. Quyida eng muhim yo‘nalishda ro‘y bergan o‘zgarishlar hujjatdagi ketma-ketlik bo‘yicha keltirib o‘taman.
O‘zbekiston – huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deb e’lon qilindi.
Konstitutsiyaning 1-moddasidagi “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika” jumlasi quyidagicha o‘zgartirilmoqda: O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.
Izoh beradigan bo‘lsam, Boshqaruvning respublika shakli – davlat hokimiyatining oliy organlari xalq tomonidan muayyan muddatga saylanishini anglatadi. (Konstitutsiya normalariga rasmiy sharhlar hozircha yo‘q, shu sababli undagi norma va tushunchalarga tahririyat umumqabul qilingan doirada, mustaqil izoh berib o‘tmoqda). Suveren davlat – o‘z hududida to‘la-to‘kis mustaqil hukmronlik va mutlaq yurisdiksiyaga ega bo‘lish demakdir. Demokratiya esa xalq hokimiyatini ifoda etib, davlat boshqaruvida saylanish va o‘z vakillarini saylash orqali barchaning teng huquqli ishtiroki ta’minlanishini ko‘zda tutadi. Huquqiy davlatda barcha jarayonlar qonuniy asoslar ustiga quriladi, davlat xizmatchilaridan huquq doirasida fikrlash, barcha masalalarga huquqiy ko‘z bilan qarash talab etiladi. Qolaversa, huquqiy davlatda barcha fuqarolar qonun oldida teng bo‘ladi, davlat hokimiyatining oliy organlari ham qonunlarga bo‘ysunadi va qonunlarning muqarrar ijrosini ta’minlaydi.
O‘zbekiston o‘zini ijtimoiy davlat deb e’lon qilishi bilan, har bir fuqarosiga munosib turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish majburiyatini olmoqda. Bu – mavjud resurslarni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida taqsimlash, jamiyatda kuchli tabaqalanish avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, eng zaif qatlamlar uchun ham sifatli ta’lim va tibbiyot kafolatlanishi, samarali ijtimoiy himoya dasturlari ishlashi, imkoniyati cheklangan va qo‘llovga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, adolatli mehnat qonunchiligi va jozibador pensiya tizimi kabilarni anglatadi. Oddiyroq aytganda, eng kambag‘al oilaning bolalarida ham sog‘-salomat o‘sib-ulg‘ayib, yaxshi ta’lim olib, farovonlikka erishish imkoniyati bo‘lishi kerak.
Dunyoviy davlatda davlat va din bir-biridan ajratilgan bo‘ladi. Davlat diniy e’tiqodidan qat’i nazar barchaga bir xil munosabatda bo‘ladi, dinga oid masalalarda neytral pozitsiyani egallaydi.
Yangi konstitutsiyaning 154-moddasi bilan, 1-moddadagi qoidalarni qayta ko‘rib chiqish mumkin emas, deb belgilandi. Xuddi shuningdek, 154-moddaning o‘zidagi aynan shu qoidadan iborat band ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas.
Boshqacha aytganda, bu norma – O‘zbekiston hech qachon demokratiyadan voz kechmasligi, huquqiy davlatchilikka sodiqligi, monarxiyaga yoki islomiy respublikaga aylanmasligini nazarda tutadi.
Konstitutsiya to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi.
15-moddaga quyidagicha qo‘shimcha qo‘shildi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi. Konstitutsiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi fuqarolarga nafaqat qonunlar, balki bevosita konstitutsiyadagi normalarga ham asoslangan holda ish olib borishga, xususan sudga murojaat qilishga imkon beradi. Referendumda qabul qilingan qonunga binoan, Oliy sud 3 oy ichida tegishli Plenum qarorini qabul qilishi kerak. Bu qaror asosida sudlar tomonidan konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi hujjat sifatida qo‘llash yuzasidan yagona sud amaliyoti joriy etiladi.
Imtiyozlar qonunda yozib qo‘yilishi shart.
Yangi konstitutsiyaning 19-moddasi (avvalgi 18-modda) – fuqarolarning jinsi, millati, mavqeyi va hokazolardan qat’i nazar qonun oldida tengligi haqida. Bu moddaning 2-qismi quyidagicha o‘zgarmoqda:
Eski: Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.
Yangi: Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.
Bu bilan konstitutsiyaning amalda ishlamay kelgan normalaridan biri real voqelikka moslashtirilmoqda. Amaliyot shundayki, turli jabhalardagi imtiyoz va preferensiyalar nafaqat qonunlar asosida, balki ko‘p holatlarda qonunosti hujjatlar – qaror va farmonlar asosida berib kelinyapti.
Barcha noaniqliklar – inson foydasiga.
Konstitutsiyaning yangi tahririga asosan:
Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchi