Xodimning oylik ish haqidan obunaga ushlab qolinishi to‘g‘rimi?


    Ayrim ish beruvchilar xodimlarning oylik ish haqidan obunaga deb ushlab qolish holatlari uchramoqda. Bunday ish beruvchilar hattoki xodimlariga ariza yozmasalaring oylik tushirib bermaymiz deyishgacha boradi.
    Agar Siz rozi bo‘lmasangiz, obunaga ish haqingizdan ushlab qolinishi g‘ayriqonuniy! Obunaga ish haqidan ushlab qolinishi mutlaqo ixtiyoriy, majburiy emas!
   Rozilik ham aynan yozma ravishda bo‘lishi kerak! Ya’ni har bir xodimdan shaxsan yozma roziligi olinishi kerak! Tashkilotda mingta xodim bo‘lsa, mingtasidan yozma ariza olinishi kerak! Shunchaki bittagina umumiy protokol bilan ish haqidan ushlab qolish ham g‘ayriqonuniy!
    Mehnat kodeksining 269-moddasiga ko‘ra, umumiy qoidaga ko‘ra xodimning yozma roziligi bilan, xodimning roziligi bo‘lmagan taqdirda esa ushbu moddaning 2-qismiga muvofiq ish haqidan ushlab qolinishi mumkin. 
    Mehnat kodeksining 269-modda 2-qismida ish haqidan xodimning roziligisiz ham ushlab qolinishi mumkin bo‘lgan holatlar belgilangan, lekin ular orasida hashar, remont, obuna va hokazolar nazarda tutilmagan! Ya’ni Sizning yozma arizangiz bo‘lmasa, ish haqingizdan hech kim ushlab qola olmaydi.
     Ariza yozmasanglar oylik tushirib bermaymiz deyish ham g‘irt noqonuniy!
   Chunki Mehnat kodeksining 253-moddasiga ko‘ra, xodimlarga ish haqi to‘lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas. Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, 16 kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida) to‘lanadi.
    Ya’ni ish haqining tushishi sizning arizangizga umuman bog‘liq emas.  Xodimga har yarim oyda kamida bir marta ish haqi to‘lanishi shart.  Aks holda, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 49-moddasiga ko‘ra, mansabdor shaxsga mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
    Agar mehnat huquqlaringiz buzilsa, hududingizdagi mehnat inspeksiyasiga, prokuratura yoki adliya organlariga murojaat qiling. Yoki quyidagi ishonch raqamlariga telefon qiling:

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi  +99871 200 06 00
Adliya vazirligi – 1008.
Bosh prokuratura – 1007;
O‘zbekiston kasaba uyushmalari  – 1092

Shodmonov Baxtiyor –
Andijon viloyat, Bo‘ston tuman 
davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот