Kam ta’minlangan oilalarga beriladigan nafaqalar
Kam ta’minlangan oilalarga beriladigan nafaqalar va moddiy yordam tayinlash qanday tartibda amalga oshiriladi?
Bolalar nafaqasi 12 oy muddatga tayinlanadi, biroq oilaning eng kichik yoxud yagona bolasi tegishlicha o‘n sakkiz yoshga to‘lgan oyning oxirigacha to‘lanadi.
Moddiy yordam bola(bolalar)siz yoki barcha bolalari 18 yoshdan katta bo‘lgan oilalarga va yakka-yolg‘iz fuqarolarga 6 oy muddatga tayinlanadi va to‘lanadi.
Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam moddiy yordam tayinlash uchun ariza zarur hujjatlar bilan birga bevosita ariza beruvchining doimiy yoki vaqtincha yashash manzilidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga taqdim etiladi va ro‘yxatga olinadi.
Ariza fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan maxsus ro‘yxatga olish daftarida qayd etiladi, bunda arizaning berilgan sanasi, ariza beruvchining ismi, familiyasi, otasining ismi va yashash manzili ko‘rsatiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
– ariza beruvchi va oila a’zolarining O‘zbekiston Respublikasi pasporti yoki ID-kartalari (bunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan ushbu hujjatlarning nusxasi olinib, asli arizachiga qaytariladi);
– chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash guvohnomalari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomalari yoki ID-kartalari hamda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida qayd varag‘i (bunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan ushbu hujjatlarning nusxasi olinib, asli arizachiga qaytariladi);
– bolalari vasiylik ostida bo‘lgan taqdirda, arizaga vasiylik va homiylik organi qarorining nusxasi ilova qilinadi;
– oilaning mavjud chorva mollari va parrandalari to‘g‘risida quyidagi shakl bo‘yicha ma’lumot;
– ariza beruvchi va uning oila a’zolari nomidagi tijorat banki hisobvaraqlaridagi mablag‘ qoldiqlari va ariza berilgan oydan oldingi 3 oy mobaynida ularning nomiga o‘tkazilgan pul o‘tkazmalari yuzasidan ma’lumotlarni Markaziy bank tomonidan «Yagona reyestr» ATga taqdim etish to‘g‘risida oilada birga yashovchi 18 yosh va undan katta yoshdagi muomalaga layoqatli barcha oila a’zolari imzolari bilan tasdiqlangan ariza.
Yusupbekov Baxtiyorjon –
Andijon viloyat, Xo‘jaobod tuman
Adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi bosh yuriskonsulti.