Bolaga familiya va ism berish va uni o‘zgartirish tartibi


    Farzandning dunyoga kelishi nafaqat ota-ona balki butun oilaning quvonchiga sabab bo‘ladi. Olloh suygan bandasini bunday buyuk ne’mat bilan siylaydi. Lekin ota-ona bo‘lish asnosida ota-ona gardaniga bir muncha mas’uliyat, burch va vazifalar yuklanadi.Jumladan farzandga munosib ism berish ham ota-onaning mas’uliyatli burchlaridan biri hisoblanadi.
    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktyabrdagi 550-sonli qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining 23-bandida “Bolaning tug‘ilganligini qayd etishda unga familiya ota-onasining kelishuviga ko‘ra, ota yoki onaning familiyasi, shuningdek milliy an’analarga muvofiq ota yoki ona tomonidan boboning ismi bo‘yicha beriladi. Kelishuv bo‘lmagan taqdirda nizolar vasiylik va homiylik organi, konsullik okrugida esa – konsul tomonidan hal etiladi.
   Bolaga ism ota-onaning roziligiga ko‘ra beriladi. Bolaga qo‘shaloq ism berishga yo‘l qo‘yiladi (Saidahmadxo‘ja, To‘xtamurodjon, Gulira’no, Mirzaolim, Mirzo Ulug‘bek, Roza Mariya).
      Bolaga, uning manfaatlaridan kelib chiqqan holda, kelgusida uning sha’ni va qadrini kamsitishi mumkin bo‘lgan ism berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bola ismiga doir kelishuv mavjud bo‘lmaganda yuzaga kelgan kelishmovchilik vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.” deb ko‘rsatilgan. Albatta bolaga munosib ism berish majburiyati qonunchiligimizda ham o‘z aksini topgan. Shunday ekan siz qo‘ygan ismdan bola o‘z kelajagini ko‘ra olsin va o‘z ismidan do‘stlari oldida uyalmasin. Lekin ko‘p holatlarda ota-onalar bolaga shoshma-shosharlik bilan ism qo‘yishadi-da, keyinroq bolaning familiyasi va ismini o‘zgartirish maqsadida murojaat qiladilar.
   O‘n olti yoshga yoshga to‘lmagan bolaning tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish ota-onasining birgalikdagi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning arizasiga asosan amalga oshiriladi. 
    O‘n yoshga to‘lgan bolaning ismi yoki familiyasini o‘zgartirishga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Bunda  bolaning roziligi ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan berilgan arizada uning shaxsiy imzosi bilan ifodalanadi.
   Bola o‘n olti yoshga to‘lishi bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjatni olgunga qadar, tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvida  xatolarni tuzatish yoki ismiga qo‘shimcha kiritish, bolaning arizasi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi asosida amalga oshiriladi.
    Agar dalolatnoma yozuvida shaxsning ismi qisqartirilib, erkalash shaklida yoki imloviy xato bilan yozilgan bo‘lsa, dalolatnoma yozuviga tuzatish kiritish ushbu shaxsning arizasi asosida amalga oshiriladi.
    Shunday ekan, azizlar ollohning bebaho ne’mati bo‘lgan munchoq farzandlaringizga o‘zlari kabi go‘zal familiya va ism beringki, toki farzandingiz siz bergan o‘z familiya va ismida sizning unga bo‘lgan mehr-muhabbatingiz, zakovatingiz aks etsin va unda siz ko‘rmoqchi bo‘lgan fazilatlar, mukammallik, donishlik ko‘rinib tursin. Shunda, siz o‘z farzandingiz oldidagi burchingizni munosib ado etgan bo‘lasiz va keyingi muammolarning oldini olgan bo‘lasiz.

Raxmonova Nargiza –
Andijon viloyat, Bo‘ston tuman 
Adliya bo‘limi fuqarolik holati 
dalolatnomalarini yozish organi 
1-toifali inspektori.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот