O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish borasidagi islohotlar
O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va ularga rioya qilishni ta’minlash masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalasi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarning bosh mezonidir. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «Inson qadri uchun» degan tamoyil barcha islohotlarimizning asosini tashkil etmoqda. “Inson – jamiyat – davlat” degan yangi tizim asosida O‘zbekiston oldinga qarab intilmoqda. Jumladan, inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi doirasida shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta’minlash borasida maqsadli choralar amalga oshirilmoqda.
Bu borada amalga oshirilgan islohotlarni tahlil qilar ekanmiz, eng avvalo, shuni qayd etish lozimki, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich implementatsiya qilinmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan 80 dan ortiq inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro hujjatlar normalari, shu jumladan BMTning 7 ta asosiy shartnomalari va 4 fakultativ protokollari qoidalari milliy qonunchilikda o‘z aksini topmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha asosiy xalqaro shartnomalarga qo‘shilish inson huquqlarini himoya qilishning samarali milliy tizimini yaratishga xizmat qildi. Xususan, inson huquqlarini himoya qilish sohasini tartibga solishga qaratilgan 12 ta Konstitutsion qonunlar, 18 ta kodekslar va 700 dan ortiq qonunlar qabul qilindi.
O‘zbekistonning demokratik o‘zgarishlarga sodiqligi, yurtimizda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar va yangilanishlar davrida avvalo inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish birlamchi vazifalardan sanaladi. Sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar insonlar hayotini, dunyoqarashini hamda turmush tarzini o‘zgartirmoqda. Inson qadri ulug‘lanib, «Davlat – inson uchun» degan ezgu g‘oya hayotga joriy etilmoqda.
D. Axmedova –
Andijon viloyat, Bo‘ston tuman
Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.