Savol bering, javob beramiz
1. Tadbirkorlik faoliyati tushunchasi nima?
Javob: “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasiga muvofiq, Tadbirkorlik faoliyati tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, o‘zi tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarlik ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskorlik faoliyati.
2. Tadbirkorlik faoliyati necha turi mavjud?
Javob: Tadbirkorlik faoliyati 2 turi mavjud. Yuridik shaxs tashkil etgan va yuridik shaxs tashkil etmasdan.
3. Yuridik shaxs tushunchasi nima?
Javob: O‘z mulkida, xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo‘lgan hamda o‘z majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, o‘z nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘la oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da’vogar va javobgar bo‘la oladigan tashkilot yuridik shaxs hisoblanadi.
4. Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish qaysi organ tomonidan amalga oshiriladi?
Javob: Davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
5. Yuridik shaxslarning qanday turlari bor?
Javob: Foyda olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan (tijoratchi tashkilot) yoki foyda olishni ana shunday maqsad qilib olmagan tashkilot (tijoratchi bo‘lmagan tashkilot) yuridik shaxs bo‘lishi mumkin.
6. Yuridik shaxsning ta’sis hujjatlariga nimalar kiradi?
Javob: Yuridik shaxs ustav asosida yoki ta’sis shartnomasi va ustav asosida yoxud faqat ta’sis shartnomasi asosida ish olib boradi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda tijoratchi tashkilot bo‘lmagan yuridik shaxs shu turdagi tashkilotlar haqidagi nizom asosida ish olib borishi mumkin.
7. Mas’uliyati cheklangan jamiyat tushunchasi nima?
Javob: Bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta’sis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) ta’sis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlarda ulushlarga bo‘lingan xo‘jalik jamiyati mas’uliyati cheklangan jamiyat deb hisoblanadi.
8. Mas’uliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilarining majburiyatlari bo‘yicha qanday javobgarligi bor?
Javob: Mas’uliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydilar va jamiyat faoliyati bilan bog‘liq zararlar uchun o‘zlari qo‘shgan hissalar qiymati doirasida javobgar bo‘ladilar.
Mas’uliyati cheklangan jamiyatning o‘z hissasini to‘la qo‘shmagan ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari bo‘yicha har bir ishtirokchi hissasining to‘lanmagan qismining qiymati doirasida solidar javobgar bo‘ladilar.
9. Kimlar mas’uliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari bo‘lishi va ishtirokchilarining soni kishidan iborat bo‘lish kerak?
Javob: Yuridik va jismoniy shaxslar jamiyatning ishtirokchilari bo‘ladilar. Jamiyat ishtirokchilarining soni ellik kishidan oshmasligi lozim.
10. Xususiy korxona tushunchasi nima?
Javob: Mulkdor yagona jismoniy shaxs tomonidan tuzilgan va boshqariladigan tijoratchi tashkilot xususiy korxona deb e’tirof etiladi. Xususiy korxona tadbirkorlik subyektlarining tashkiliy-huquqiy shaklidir.
Xususiy korxona o‘z mulkida alohida mol-mulkka ega bo‘ladi, o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘lishi hamda ularni amalga oshirishi, majburiyatlarni bajarishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
11. Xususiy korxonani qanday boshqariladi?
Javob: Xususiy korxona mulkdori korxonani rahbar sifatida yakka boshqaradi, korxona nomidan ishonchnomasiz ish ko‘radi, uning manfaatlarini ifodalaydi, xususiy korxonaning pul mablag‘larini hamda boshqa mol-mulkini tasarruf etadi, shartnomalar, shu jumladan mehnat shartnomalari tuzadi, ishonchnomalar beradi, banklarda hisobvaraqlar ochadi, shtatlarni tasdiqlaydi, korxonaning barcha xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi.
12. Mas’uliyati cheklangan jamiyat va xususiy korxona farqi nimada?
Javob: MCHJni-bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta’sis etiladi. Mas’uliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilarining majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydilar va jamiyat faoliyati bilan bog‘liq zararlar uchun o‘zlari qo‘shgan hissalar qiymati doirasida javobgar bo‘ladilar.Mulkchilik shakli ulushlarga bo‘lingan xo‘jalik jamiyati. Ikki yoki uch tomonlama oddiy yozma shaklda yoki tomonlar talabiga ko‘ra notarial shartnoma tuzish orqali ulishlarni begonalashtirish mumkin.
Xususiy korxonada- Mulkdor yagona jismoniy shaxs tomonidan tuziladi. Xususiy korxona mulkdori korxonaning mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda xususiy korxonaning majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli mol-mulk bilan qonunchilikka muvofiq subsidiar javobgar bo‘ladi. Mulkchilik shakli xususiy mulkdan iborat. Korxonani begonalashtirish shartnomasi notarial guvohlantirilgan taraflar imzolagan yozma shakldagi bitta hujjat tuzish tartibida tuzish orqali begonalashtirish mumkin.
13. Davlat xizmatlari markazlari pullik xizmatlar ko‘rsatishga haqlimi?
Javob: O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018 yil 10 avgustdagi 273-um-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Davlat xizmatlari markazlarida jismoniy va yuridik shaxslarga ixtiyoriy pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq davlat xizmatlari markazlari jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriga ko‘ra pullik xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.
14. Davlat xizmatlari markaziga ishdan so‘ng ya’ni 18-00 dan keyin murojaat qilishim mumkinmi?
Javob: Davlat xizmatlari markazlari tomonidan xizmat soat 9-00 dan 18-00 ga qadar real vaqt rejimida hujjatlarni to‘xtovsiz qabul qilish belgilangan. Biroq, siz o‘z hujjatlaringizni ERI yordamida 24 soat davomida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborishingiz mumkin.
15. Davlat xizmati olishim uchun Davlat xizmatlari markaziga bormasdan navbat olishim mumkinmi?
Javob: Albatta, Davlat xizmatlari agentligining davxizmat.uz veb-sayti orqali onlayn yoki oldindan navbat olish orqali amalga oshirishingiz mumkin.
16. Davlat xizmatlarini uchun to‘lovlarni qanday amalga oshirsa bo‘ladi?
Javob: Davlat xizmatlarini olishda PayMe, Click, Upay, UniPay ilovalari, markazlarda joylashgan bank kassalari va bank-klient ilovalari orqali to‘lovlarni amalga oshirishingiz mumkin.
17. Farzandimni maktabgacha ta’lim muassasasiga qanday qilib joylashtiraman?
Javob: Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 martdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan “Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” talablariga muvofiq ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (arizachilar) yo‘llanmalar olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelgan holda murojaat qilishi yoki elektron tarzda davlat xizmatlari olish uchun YaIDXPda ro‘yxatga olinishi lozim.
Bunda arizachi farzandini muassasaga qabul qilishning kichik yoshga etgunigacha navbatga qo‘yish huquqiga egaligi, yo‘llanma muassasaga qabul qilish bo‘yicha kichik yoshga etishidan erta bo‘lmagan muddatda berilishi nazarda tutilgan.
18. Yangi yilda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda to‘lanadigan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni kamaytirish bo‘yicha qanday o‘zgarishlar kutilyapti?
Javob: 2021 yil 24 iyuldagi PF–6269-son Farmonga asosan 2022 yil 1 yanvardan boshlab, advokatlik tuzilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazish BHMning 2 baravaridan 1 baravariga, tadbirkorlik subyektlarini qo‘shib olishga, ustav fondidagi aksiyalarni (ulushlarni) olishga doir bitimlarga oldindan rozilik berish BHMning 10 baravaridan 7 baravariga, xorijga chiqish pasportini berish BHMning 1,2 baravaridan 1 baravariga, tadbirkorlik subyektlariga ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini yangilab berish BHMning 1 baravaridan BHMning 20 foiziga kamaytirilishi nazarda tutilgan.
19. Davlat xizmatidan foydalanmaganman, davlat xizmati haqida sms-xabarnoma adashib kelishi mumkinmi?
Javob: Davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida shaffoflikni ta’minlash maqsadida to‘lanishi kerak bo‘lgan yoxud to‘langan pul mablag‘lari haqidagi ma’lumot murojaat mualliflarining telefon raqamlariga sms-xabar tarzida yuboriladi. Xabarda, amalga oshirilishi kerak bo‘lgan to‘lovning invoys raqami va belgilangan miqdori ko‘rsatilgan bo‘ladi. Fuqaro Davlat xizmatlaridan foydalanayotgan vaqtida sms-xabar uchun telefon (mobil) raqamini ko‘rsatadi. Amaliyotda murojaatchi tomonidan o‘zining emas, balki turmush o‘rtog‘i, qarindoshi yoki yaqin do‘stining raqamini, shuningdek, noto‘g‘ri raqamni ko‘rsatgan holatlar uchraydi. Bu esa, davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonining bosqichlari, to‘lovlar haqidagi sms-xabarnomaning murojaat egasiga emas, aynan Sizga yuborilishiga sabab bo‘ladi. Buni oldini olish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali davlat xizmatlaridan foydalanish uchun so‘rovnomalarni to‘ldirishda telefon raqamingiz to‘g‘ri ko‘rsatilganligini tekshirib ko‘rishingiz kerak.
Agar Sizga, yuqorida keltirilgan mazmundagi xabarlar kelsa va bu sizni shubhalantirsa (Siz davlat xizmatidan foydalanish uchun murojaat etmagan bo‘lsangiz), Davlat xizmatlari agentligiga 1148 telefoni orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Isakulov Yodgorjon Alimovich –
Andijon viloyat, Buloqboshi tuman
Adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi direktori.