Jamoatchilik nazorati subyektlari kim?
Jamoatchilik nazorati subyektlari kim va ularning qanday huquq va majburiyatlari mavjud?
O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 12 apreldagi «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonuning 3-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi), fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazorati subyektlaridir.
Jamoatchilik nazorati jamoatchilik kengashlari, komissiyalari va boshqa jamoatchilik tashkiliy tuzilmalari tomonidan ham qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi mumkin.
Shu bilan birga ushbu qonunning 15-moddasiga asosan jamoatchilik nazorati subyektlari quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:
– jamoatchilik nazoratini amalga oshirayotganda tadbirlar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga, ularni tashkil etishga, shuningdek ularda ishtirok etishga;
– jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborotni qonunchilikka muvofiq davlat organlaridan so‘rab olishga;
jamoatchilik nazorati natijalariga ko‘ra takliflar va tavsiyalar tayyorlashga hamda ularni tegishli davlat organlariga ko‘rib chiqish uchun yuborishga;
– fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari, jamiyat manfaatlari buzilganligi faktlari aniqlangan taqdirda, materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborishga;
– davlat organlarining qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga yoxud qonunda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishga;
– jamoatchilik nazorati natijalarini e’lon qilishga haqlidir.
Jamoatchilik nazorati subyektlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Jamoatchilik nazorati subyektlari:
– jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
– qonunda belgilangan, davlat organlarining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan cheklovlarga rioya etishi;
– davlat organlarining, ular mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmasligi;
– davlat organlarining faoliyat ko‘rsatishi, shuningdek ular mansabdor shaxslarining faoliyati uchun to‘siqlar yaratmasligi;
– fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘ymasligi;
– jamoatchilik nazoratini amalga oshirish chog‘ida olingan axborotning tarqatilishi qonun bilan cheklangan bo‘lsa, uning maxfiyligiga rioya etishi shart.
Jamoatchilik nazorati subyektlarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
M. Abdivoxobov –
Andijon viloyat, Asaka tuman
Adliya bo‘limi yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi boshlig‘i.