Tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish
“Tartibga solish qumdoni” orqali Tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish yanada soddalashtirildi.
Tartibga solish qumdoni – tadbirkorlik subyektlariga zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni yoki boshqa intellektual faoliyat natijalarini nazorat qilinadigan cheklangan muhitda sinovdan o‘tkazishni nazarda tutuvchi maxsus huquqiy rejim hisoblanadi.
Maxsus huquqiy rejim bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022 yil 9 noyabrdagi PF-244-son Farmoniga muvofiq sohalar bo‘yicha yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarining zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot, xizmat yoki ishlarni nazorat qilinadigan cheklangan muhitda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini maxsus tartibga solishdir. Tadbirkorlik subyektlarining maxsus huquqiy rejim doirasida yangi mahsulot, xizmat yoki ishlarni nazorat qilinadigan cheklangan muhitda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha so‘rovnomalari O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali qabul qilinadi. Ushbu jarayonda ariza beruvchi maxsus huquqiy rejim doirasida yangi mahsulot, xizmat va ishlarni realizatsiya qilish uchun murojaat qilgan yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyekti bo‘lsa, maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi maxsus huquqiy rejim doirasida yangi mahsulot, xizmat va ishlarni realizatsiya qilishga ruxsat berilgan yuridik shaxs hisoblanadi.
Maxsus huquqiy rejimni joriy etishdan maqsad iqtisodiy faoliyatning yangi turlari, shakllari va usullarini shakllantirish, raqobat muhitini rivojlantirish, yangi mahsulot, xizmat va ishlar tarkibini kengaytirish, ularning sifati hamda foydalanish ko‘lamini yaxshilash, muayyan sohani tartibga solishning samarali usullarini aniqlash, joriy qilish va bu boradagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, maxsus huquqiy rejimni amalga oshirish natijalari bo‘yicha umumiy tartibga solishni takomillashtirish, yangi mahsulot, xizmat va ishlarni realizatsiya qilish uchun qulay sharoitlar yaratish hamda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha investitsiyalarni keng jalb qilish, qonunchilik hujjatlaridan farq qiluvchi va ularning ayrim qoidalari qo‘llanilmaydigan maxsus tartibga solish rejimini joriy etishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-noyabrdagi 617-sonli “Tartibga solish qumdoni” Maxsus huquqiy rejimini joriy etish chora tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga asosan Raqamli texnologiyalar vazirligi, Transport vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi maxsus huquqiy rejim joriy etiladigan sohalar bo‘yicha vakolatli organlar etib belgilandi. Vakolatli organ tomonidan maxsus huquqiy rejim doirasida yangi mahsulot, xizmat va ishlarni realizatsiya qilish muddati uzog‘i bilan uch yil etib belgilanadi. Vakolatli organ Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida va YIDXPda maxsus huquqiy rejim bo‘yicha ochiq ma’lumotlar reyestrini yuritadi va uning doimiy ravishda yangilanib borishini ta’minlaydi. Ochiq ma’lumotlar reyestrida maxsus huquqiy rejim joriy etilgan soha, maxsus huquqiy rejim davri va ishtirokchilari, yangi mahsulot, xizmat va ishlarni realizatsiya qilish natijalari hamda ularni baholash indikatorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Erkinjonov Firdavs –
Andijon viloyat, Asaka tuman
Adliya bo‘limi Yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi Bosh yuriskonsulti.