Yangi tahrirdagi Konstitutsiya — inson sha’ni, qadr-qimmati va huquqlarning mustahkam kafolati
Xalq — davlat hokimiyatining birdan-bir manbai O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining avvalgi tahriri 1992-yil 8-dekabrda O‘zbekiston xalqining vakolatli vakillari bo‘lmish parlament a’zolari, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputatlari tomonidan qabul qilingani barchaga ma’lum.Asosiy Qonunining yangi tahriri bevosita umumxalq referendumida — to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan qabul qilindi. Shu ma’noda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining haqiqiy muallifi xalqning o‘zidir. Fuqarolarning xohish-irodasi esa islohotlarning manbai va harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 7-moddasi birinchi bandida «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai», degan norma belgilab qo‘yilgan. Bu norma timsolida O‘zbekiston Respublikasida jahon miqyosida umume’tirof etilgan xalq hokimiyati prinsipi, ya’ni xalq suverenitetning tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai ekanini anglatuvchi tamoyil mustahkamlab qo‘yilgan.
Shundan kelib chiqib, keyingi yillarda mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston — inson sha’ni va qadr-qimmati, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy qadriyat hisoblangan davlat bo‘lishi; xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi; «odamlar tashvishi bilan yashash», xalqimizning qonuniy talab-istaklari va xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish davlat organlari faoliyatini baholashning eng muhim mezoniga aylanishi; barcha muhim qarorlar aholi ishtirokida, fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuv asosida qabul qilinishi kabi prinsip va g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bosh qomusimizning “Konstitutsiya va qonunning ustunligi” bobidagi 15-16-moddalarning yangi va eski matnidagi normalari o‘zaro qiyoslansa, bu fikrlarimiz qanchalik haqqoniy ekani o‘z tasdig‘ini topadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 15-moddasiga muvofiq:
“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan yangi, zamonaviy va juda muhim normalarning hayotga qat’iy hamda izchil tatbiq etilishi, xususan, sudlar tomonidan ana shu konstitutsiyaviy qoidalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanishi yurtimiz va xalqimiz tarixida inson huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari va qadr-qimmatini ulug‘lash borasida yangi davrni boshlab bermoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz”.
Muxtasar aytganda, bugun Konstitutsiyamizning yangi normalarida asosiy e’tibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilganini ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Yangi tahrirdagi Asosiy Qonunning qabul qilinishi bilan bu borada yanada mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asos yaratildi. Binobarin, Yangi O‘zbekiston o‘zining ushbu sohalardagi xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiqligini yana bir bor namoyon etdi.
Javlon Ermatov –
Andijon viloyat, Buloqboshi tuman
Adliya bo‘limi Inson huquqlarini
himoya qilish va huquqni qo‘llash
amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi
bosh maslahatchisi.