KONSTITUTSIYA – BAXTIMIZ QOMUSI
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – bu davlat va butun boshli jamiyat hayotini tartibga soluvchi, har bir oilaga, har bir insonga ta’sir o‘tkazuvchi jonli, ishlab turgan mexanizmdir!
Yurtimizda 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali qabul qilinganligi unda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganligidan dalolat bermoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Konstitutsiya — bu har bir davlatning asosiy qonuni bo‘lib, unda davlat tuzilishi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, davlat organlarining vakolatlari va boshqa muhim masalalar belgilanadi. Nega Konstitutsiyani baxt qomusi deyiladi? Chunki, Konstitutsiya har bir insonning tengligi, erkinligi va huquqlarini kafolatlaydi. Adolatli va demokratik jamiyat qurish uchun poydevor bo‘ladi. Davlatda barqarorlik va tartibni saqlab qolishga yordam beradi. Shuningdek, jamiyatning rivojlanishi va o‘zgarishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ahamiyati quyidagilarda namoyon bo‘ladi: Konstitutsiya mustaqil davlat sifatidagi O‘zbekistonning asosiy hujjatidir, shuningdek, xalqning davlat ishlarini boshqarishdagi huquqlari belgilangan. Ijtimoiy adolatni ta’minlashga qaratilgan hamda konstitutsiya kelajak avlodlarga berilgan eng qadrli meroslardan biridir. Konstitutsiya har bir fuqaro uchun baxt qomusidir, chunki u har birimizning huquq va erkinliklarini kafolatlaydi, adolatli jamiyat qurish uchun poydevor bo‘ladi va barcha uchun teng imkoniyatlar yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan huquqiy hujjat bo‘lib, uning qabul qilinishi huquqiy tiklanish va taraqqiyot sari tashlangan ilk qadamlardan biri bo‘ldi.
Sardorbek Nishonov –
Andijon viloyat, Marhamat tuman
Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.