O‘zbekistonda nafaqa turlar


    O‘zbekistonda nafaqa turlari: kimlarga, qanchadan moddiy yordam berilishi mumkin?             
             
   O‘zbekistonda fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida davlat byudjetidan o‘ndan ortiq turdagi nafaqa va moddiy yordam pullari to‘lab kelinadi. Ayni paytda moliyaviy yordam tayinlash va to‘lash vazifasini Ijtimoiy himoya milliy agentligi bajarmoqda.

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi

    Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi yuridik shaxslarda mehnat shartnomasiga asosan oxirgi olti oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga tayinlanadi. Nafaqa fuqarolarning murojaatlarisiz “proaktiv shakl”da tayinlanadi va to‘lanadi.
    2022 yil 1 sentyabrdan boshlab homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi hududiy ambulator–poliklinikalarda (tibbiyot muassasalarida) elektron rasmiylashtiriladi va avtomatik ravishda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga yuboriladi. Reyestr tomonidan nafaqa oluvchining oxirgi olti oy davomidagi uzluksiz ish staji, mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari va uning yuridik shaxslarda ishlashi tasdiqlanganda, nafaqani tayinlash to‘g‘risidagi qaror avtomatik qabul qilinadi. 
     Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi miqdori 2 million 484 ming so‘m bo‘lib, bir marta to‘lanadi.

Dafn etish uchun nafaqa

     Bu turdagi nafaqa vafot etgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlariga yoki qonuniy vakiliga, ular bo‘lmaganda esa dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan boshqa shaxsga tayinlanadi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘lim haqidagi dalolatnoma FHDYo organining elektron arxiv tizimida qayd etiladi va nafaqa avtomatik tayinlanadi. O‘lim qayd etilganidan so‘ng, nafaqa puli “Xalq banki” bo‘limi (filiali) tomonidan to‘lanadi.
    Dafn etish uchun nafaqa miqdori 1 million 388 ming so‘m bo‘lib, bir marta to‘lanadi.
    Farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa (“Suyunchi puli”)
   2024 yil 1 apreldan boshlab farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli birinchi farzandi uchun barcha ayollarga to‘lanadi. Ikkinchi farzandi uchun esa farzand tug‘ilgan paytda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilaning a’zosi bo‘lgan ayollarga rasmiylashtiriladi. Qolgan barcha holatlarda farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini rasmiylashtirish rad etiladi.
    Yangi tartibga ko‘ra, “suyunchi puli” olish uchun fuqaro Davlat xizmatlari markaziga (DXM) borib, ariza yozadi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) ro‘yxatdan o‘tib, so‘rovnomani to‘ldiradi va uni elektron shaklda Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yuboradi. Keyin agentlik nafaqani tayinlash yoki tayinlashni rad etish bo‘yicha qaror qabul qiladi. Hozirda bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa miqdori – 738 150 so‘m.
    O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band qonuniy vakilga nafaqa
    Bu turdagi nafaqa fuqarolar murojaatisiz “proaktiv shakl”da tayinlanadi va to‘lanadi. Bunda 18 yoshgacha bo‘lgan bolaga nogironlik belgilanganda Ijtimoiy himoya milliy agentligi uning qonuniy vakiliga nafaqa tayinlash uchun elektron ma’lumotlarni so‘rovnoma shaklida “Pensiya” axborot tizimiga yuboradi. So‘rovnoma raqamlashgan tarzda Pensiya jamg‘armasining “Pensiya” axborot tizimi orqali ko‘rib chiqiladi. O‘rganish o‘tkazilganidan so‘ng nafaqa tayinlash yoki tayinlashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi va bu haqdagi ma’lumot shaxsning mobil telefon raqamiga SMS shaklida yuboriladi.
    Mazkur turdagi nafaqa nogironligi bo‘lgan bola 18 yoshga kirguniga qadar beriladi. Hozirda nafaqa miqdori oyiga 621 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqasi

    Bu turdagi nafaqa nogironligi bo‘lgan (shu jumladan, orfan kasalligi bo‘lgan) yoki OIVga chalingan 18 yoshgacha bolalar yoki ularning qonuniy vakillariga beriladi. Mazkur nafaqa ham fuqarolarning murojaatlarisiz “proaktiv shakl”da tayinlanadi va to‘lanadi. Bunda 18 yoshgacha bo‘lgan bolaga nogironlik belgilansa, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, agar OIV tashxisi qo‘yilsa, Sog‘liqni saqlash vazirligi nafaqalarni tayinlash uchun ma’lumotlarni “Pensiya” tizimiga yuboradi.
    O‘rganish natijalariga qarab nafaqa tayinlanadi yoki tayinlash rad etiladi.
    Nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqasi miqdori – 747 000 so‘m.

Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa 

    Bu turdagi nafaqa bolalikdan nogironligi bo‘lgan (I yoki II guruh, 18 yoshdan katta) shaxslarga tayinlanadi. Bunda nafaqa olish huquqi paydo bo‘lgan shaxs yoki uning qonuniy vakili DXMga o‘zi kelib yoki YaIDXPda onlayn ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qiladi. Murojaatlar raqamlashgan tarzda “Pensiya” axborot tizimi orqali ko‘rib chiqiladi va nafaqa tayinlash yoki tayinlashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
    Ijtimoiy himoya milliy agentligi veb–saytida bolalikdan nogironligi bo‘lgan I guruh uchun nafaqa miqdori – 833 750 so‘m, II guruh uchun  – 747 000 so‘m ekani ko‘rsatilgan.

Nogironlik nafaqasi (I yoki II guruh)

     Bu turdagi nafaqa davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan I yoki II guruh nogironligi bor shaxs deb topilgan fuqarolarga tayinlanadi. Nafaqa tayinlanishi uchun fuqaro DXMga borgan holda yoki YaIDX portalida ro‘yxatdan o‘tib ariza yozadi. Murojaat qilish jarayonida alohida hujjatlar talabisiz elektron so‘rovnoma to‘ldiriladi. Murojaat “Pensiya” axborot tizimi orqali ko‘rib chiqiladi va nafaqa tayinlash yoki tayinlashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
    Nogironlik nafaqasi I guruh uchun – 833 750 so‘m, II guruh uchun – 747 000 so‘mni tashkil etadi.

Yetarli ish staji bo‘lmagan keksalarga yoshga doir nafaqa

    Bunday nafaqa davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi shaxslarga quyidagicha tayinlanadi:

– bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor (bo‘lgan) onalarga — 55 yosh;
– ayollarga — 60 yosh; erkaklarga — 65 yoshga yetganda.

    Nafaqa tayinlanishi uchun fuqaro Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi kera bo‘ladi. Jarayondan alohida hujjatlar talabisiz elektron so‘rovnoma to‘ldiriladi.
    Hozirda pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi shaxslarga yoshga doir nafaqasi miqdori oyiga 621 ming so‘m. Bu nafaqa turi umrbod muddatga, har oy beriladi. 

Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi

    Bu turdagi nafaqa davlat pensiyasi olish huquqiga ega bo‘lmagan, vafot etgan shaxsning qaramog‘ida bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatsiz a’zolariga beriladi. Jumladan, nafaqa bolalar, aka–ukalar, opa–singillar va nabiralarga mehnatga qobiliyatli ota-onasi bo‘lmagani uchun tayinlanadi. Shu bilan birga, ushbu nafaqani tayinlashda boshqa qator tartiblar mavjud.
   Ta’lim tashkilotlarining o‘quvchilari va talabalari o‘qish davri davomida (23 yoshga to‘lguncha) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqiga ega. Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi tayinlanishi uchun ham fuqaro DXMga borib yoki YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tgan holda ariza yozadi. Murojaat qilish jarayonida alohida hujjatlar talabisiz elektron so‘rovnoma to‘ldiriladi.
    Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi miqdori bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun – 621 ming so‘mni tashkil etadi. Har bir keyingi oila a’zosi uchun 212 000 so‘mdan beriladi.

Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam

    Bolalar nafaqasi va moddiy yordam “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” orqali kam ta’minlangan oilalarga tayinlanadi. Mazkur mablag‘larni olish uchun murojaatchining har bir oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan — 648 ming so‘mdan kam bo‘lishi lozim.
    Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashda arizachining mehnatga layoqatli oila a’zolari ish bilan band yoki mehnat organlariga murojaat qilgan bo‘lishlari kerak.
    Shu bilan birga, talabgordan bittadan ko‘p ko‘chmas mulki, noturar ko‘chmas mulki, yangi avtomashinasi, bankda katta miqdordagi depozitlari va qimmatli qog‘ozlari bo‘lmasligi inobatga olinadi.
    Hozirda bolalar nafaqasi miqdori oilada uch yoshgacha bo‘lgan bir bola uchun 325 000 so‘m. Eng birinchi farzand uch yoshdan katta bo‘lsa, unga 250 000 so‘m to‘lanadi. Ikkinchi farzandga ikki holatda ham 150 000 so‘mdan beriladi. Keyingi farzandlarning har biri uchun 100 000 so‘mdan qo‘shiladi. Moddiy yordam miqdori esa oyiga 380 000 so‘m bo‘lib, 6 oy davomida to‘lanadi.

Lola Mirdosova – 
Andijon viloyat, Paxtaobod tuman 
Adliya bo‘limi Yuridik xizmat 
ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот