Elektr tarmog‘idagi uzilishlar haqida
Huquqshunos maslahati
Savol: Elektr tarmog‘idagi uzilishlar haqida hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ogohlantirish berish kerakmi?
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash tо‘g‘risida”gi qaroriga asosan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi elektr tarmog‘i xо‘jaligi obyektlarining rejali ta’mirlanishi tufayli elektr energiyasi bilan ta’minlashdagi mumkin bо‘lgan uzilishlar tо‘g‘risida kamida 3 kun oldin ogohlantirishga majbur ekanligi belgilangan. Shuningdek, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berishning to‘xtatib turilishi va buning sabablari to‘g‘risida ma’lumot berishga, joriy etiladigan cheklashlar haqida cheklashning hajmi va vaqtini ko‘rsatgan holda o‘z vaqtida xabar qilishga majbur hisoblanadi.
Savol: Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suv hisoblagichlarda nosozlik aniqlansa ularni ta’mirlash yoki yangisiga almashtirish bilan bog‘liq xarajatlar kimlarning hisobidan qoplanadi?
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 avgustdagi “Yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 698-son qarori bilan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suv hisoblagichlarini ta’mirlash yoki yangisiga almashtirish xarajatlari tegishlicha hududiy elektr tarmoqlari korxonalari, gaz ta’minoti tashkilotlari, suv ta’minoti yoki hududiy issiqlik ta’minoti korxonalari mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplanishi belgilangan.
Savol: Elektr energiyasidan behuda foydalanish uchun javobgarlik bormi?
– O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 100-moddasiga asosan, elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash, ya’ni elektr dvigatellaridan, elektr pechlari va boshqa elektr hamda issiqlik uskunalaridan muntazam ravishda, ishlab chiqarish zarurati bo‘lmagan holda to‘liq foydalanmaslik yoki ularni bekorga ishlatib qo‘yish, zichlangan havo, suv va issiqlikning muntazam ravishda nobud bo‘lishi, energiya bilan ta’minlovchi tashkilotlarning ruxsatisiz xizmat binolari va boshqa binolarni isitish uchun, shuningdek ishlab chiqarish jarayonida nazarda tutilmagan boshqa maqsadlar uchun elektr energiyasidan foydalanish, yoritish uchun elektr energiyasidan xo‘jasizlarcha foydalanish
– mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa,
– mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Abduraxmonov Saydullo –
Andijon viloyat, Paxtaobod tuman
Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.