Huquqshunos maslahati
DAVLAT ORGANIGA ARIZA BERIB UNI YANA QAYTARIB OLISH MUMKINMI?
⚡️Javob:
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida” gi Qonunining 32-moddasida, shaxs o‘z murojaatini u ko‘rib chiqilguniga qadar va ko‘rib chiqilayotgan paytda murojaat bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoki elektron shaklda ariza berish yo‘li bilan chaqirib olishi mumkinligi belgilangan. Yuqorida keltirilgan qonunning 30-moddasida murojaatni chaqirib olish to‘g‘risidagi ariza qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rilishini istisno etmaydi deyilgan. Ya’ni, Siz kimnidir firibgarlikda yoki boshqa bir huquqbuzarlikda ayblab tegishli joyga ariza berib, keyin fikringiz o‘zgarib arizangizni qaytarib olsangiz xam uni firibgarligi yoki boshqa huquqbuzarligi arizangizni ko‘rgan organ tomonidan tekshirilishi mumkin. Agar Sizni arizangizda ko‘rsatilgan shaxs haqiqatdan xam huquqbuzar bo‘lib chiqsa unga chora ko‘riladi. Bunday holatda endi arizangizni qaytarib olishingiz befoyda bo‘ladi.
NOGIRONLIGI BO‘LGAN BOLALARNING ONALARI BOSHQALARDAN 5 YIL OLDIN PENSIYAGA CHIQISHI MUMKINMI?
⚡️JAVOB:
Bunday norma qonunchilikda mavjud. "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunning 12-moddasida, bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandlarning onalari ularni sakkiz yoshgacha tarbiyalagan bo‘lsa — ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda umumiy belgilangan 55 yoshdan emas, boshqalarga qaraganda imtiyozliroq ya’ni, 50 yoshdan pensiyaga chiqishi mumkinligi ko‘rsatilgan. ✅ Demak bolalikdan nogironligi bo‘lgan bolalarni kamida 8 yil tarbiyalagan onalar pensiyaga boshqalardan 5 yil oldin chiqishi mumkin.
OILADA ISHSIZ SHAXS BO‘LSA O‘SHA OILAGA BOLA PULI BERILMAYDIMI?
⚡️JAVOB:
Hukumatning 654-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda keltirilishicha, oilada rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi olti oy mobaynida ish izlab kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish organlariga murojaat qilmagan hamda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish organlarida hisobda turmagan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila a’zosi mavjud bo‘lganda o‘sha oilaga bolalar nafaqasi tayinlanishi rad qilinadi deb ko‘rsatilgan.
Urinbayev Baxtiyor –
Andijon viloyat, Jalaquduq tuman
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i.