Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati
Joriy yilning 5 iyulida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘RQ–699-son Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Vijdon erkinligini ta’minlash sohasidagi munosabatlarni, shuningdek diniy tashkilotlar faoliyatini tartibga solishdan iborat.
Vijdon erkinligi – fuqarolarning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqidir.
Fuqaro dinga, dinga e’tiqod qilishga yoki e’tiqod qilmaslikka, ibodatlarda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka, diniy ta’lim olishga nisbatan o‘z munosabatini belgilayotganda uni u yoki bu tarzda majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Voyaga yetmaganlarni ularning xohish-irodasiga, ota-onasining yoki qonuniy vakillarining xohish-irodasiga zid tarzda diniy tashkilotlarga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qonun bilan quyidagi maqsadlarda dindan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi mustahkamlandi:
konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan o‘zgartirish;
suverenitet va hududiy yaxlitlikka putur yetkazish;
fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kamsitish;
urushni, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qilish;
fuqarolarning sog‘lig‘i va axloqiga tajovuz qilish;
fuqarolar totuvligini buzish;
vaziyatni beqarorlashtiruvchi tuhmatdan iborat uydirmalarni tarqatish;
aholi o‘rtasida sarosima uyg‘otish hamda shaxs, jamiyat va davlatga qarshi qaratilgan boshqa harakatlar sodir etish.
Qonunga muvofiq vijdon erkinligini ta’minlashning asosiy ustuvorliklari belgilandi.
Xususan, fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar ularning vijdon erkinligiga bo‘lgan o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun teng shart-sharoitlar yaratiladi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita (Qo‘mita) vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar bo‘yicha mas’ul vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Rasmiy hujjatlarda fuqarolarning dinga nisbatan munosabatini ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bir dinga yoki diniy e’tiqodga boshqalariga nisbatan biror-bir ustunliklar yoki cheklovlar belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekistonda din davlatdan ajratilgan.
Davlat diniy aqidaparastlik hamda ekstremizmga, munosabatlarni qarama-qarshi qo‘yish va keskinlashtirishga, turli konfessiyalar o‘rtasida adovatni avj oldirishga yo‘l qo‘ymaydi.
Davlat konfessiyalarning tinch-totuv yashashiga kafil bo‘ladi. Missionerlik va prozelitizmni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat diniy tashkilotlar zimmasiga davlatning biror-bir vazifalarini bajarishni yuklamaydi.
O‘zbekistonda ta’lim tizimi dindan ajratilgan bo‘lib o‘quv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligiga oid cheklov bekor qilindi.
Diniy tashkilot O‘zbekistonning 18 yoshga to‘lgan va 50 nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari tashabbusi bilan tuziladi. Ilgari 100 nafar edi.
Diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari va diniy ta’lim muassasalarini ro‘yxatdan o‘tkazish Adliya vazirligi tomonidan, mahalliy diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan elektron tizim orqali amalga oshiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqardi, ko‘rib chiqish muddati 3 oydan 1 oyga kamaytirildi.
Diniy tashkilotni tuzish uchun talab etib kelingan mahalla fuqarolar yig‘inlari roziligini olish tartibi bekor qilindi.
Diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslari belgilandi:
diniy tashkilotning tashkil etilishi konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirish, O‘zbekiston suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi chiqish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kamsitish, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni targ‘ib etish, fuqarolarning sog‘lig‘iga va xalqning ma’naviyatiga tajovuz qilish maqsadini ko‘zlagan bo‘lsa;
diniy tashkilotni tuzishning qonunda belgilangan tartibi buzilgan bo‘lsa yoki taqdim etilgan hujjatlarda qonunchilikka nomuvofiqliklar mavjud bo‘lsa;
tuzilayotgan tashkilot diniy tashkilot sifatida e’tirof etilmagan bo‘lsa;
taqdim etilgan ta’sis hujjatlarida atayin noto‘g‘ri axborot mavjudligi aniqlangan bo‘lsa.
Ro‘yxatdan o‘tkazilgan diniy tashkilot adliya organlari tomonidan elektron tizimda yuritiladigan va hamma tanishib chiqishi uchun ochiq bo‘lgan diniy tashkilotlar reyestriga kiritiladi.
Qonun bilan diniy tashkilotning faoliyatini to‘xtatib turish tartibi belgilandi.
Diniy tashkilotning faoliyati, u Konstitutsiya, mazkur Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlarini buzgan taqdirda, faqat sud tomonidan to‘xtatib turilishi mumkin.
Diniy tashkilot tomonidan qonunchilik hujjatlari talablari buzilganda, prokuratura yoki adliya organlari mazkur qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnomani ushbu diniy tashkilotning rahbar organlariga kiritadi hamda bu qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatini belgilaydi.
Agar bu qoidabuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, diniy tashkilot faoliyati prokuratura organlarining yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning taqdimnomasi asosida sud qarori bilan olti oygacha bo‘lgan muddatga to‘xtatib turiladi.
Raupov Azizbek Sattarovich –
Andijon viloyat, Buloqboshi tuman
Adliya bo‘limi boshlig‘i