Huquqshunos maslahati
Savol bering, javob beramiz!
Maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyani rasmiylashtirish uchun ariza berish qanday tartibida amalga oshiriladi?
Mazkur xizmat turi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.02.2022 yildagi 80-sonli “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tartibga solingan bo‘lib, arizachining o‘zi online “Elektron litsenziyalash tizimi” orqali yoki bevosita Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurgan xolda ariza berishi mumkin.
Mazkur xizmat turiga qanday hujjatlar talab etiladi?
Talabgor ya’ni litsenziyani olish uchun murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxs quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
Faoliyat olib borish manzili (Agar faoliyat olib borish joyi boshqa shaxsga tegishli bo‘lsa ijara shartnoma rasmiylashtiriladi);
Pedagog kadrlar haqida ma’lumot (Pasporti va diplomi);
O‘quv rejasi va dasturlarining elektron nusxalari;
Mazkur xizmat turi qaysi vakolatli organ tomonidan ko‘rib chiqiladi va ko‘rib chiqish muddatlari qancha?
Maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini tartibga solish, nazorat qilish va ularga tegishli tartibda litsenziyalar beruvchi vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hisoblanadi va mazkur xizmat bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish muddati 15 ish kuni etib belgilangan. Bundan tashqari yuqoridagi muddat ichida faoliyat olib boriladigan bino-inshootning Sanitarlik va Yong‘in xavfsizligi talab va normalarga muvofiq ekanligini Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi va tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tegishli tartibda tekshirib xulosa berishi zarur bo‘ladi.
Mazkur xizmat uchun arizani ko‘rib chiqish yig‘imi qancha?
Ushbu xizmat turida arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.
Qanday hollarda ariza ko‘rib chiqilishi rad etiladi?
litsenziya berilishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning talabgor tomonidan to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilganligi;
talabgorning litsenziya talablari va shartlariga muvofiq emasligi;
talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarning mavjudligi;
Pasportlarga muvofiq o‘tkazilishi shart bo‘lgan o‘rganishlar, tadqiqotlar, tekshirishlar yoki boshqa ilmiy va texnik baholashlarning yakunlari bo‘yicha asoslangan salbiy xulosa olinganligi.
Boshqa asoslarga ko‘ra, shu jumladan, litsenziya berish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan litsenziya berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Talabgorning litsenziya berish haqidagi arizasini birinchi marta ko‘rib chiqish jarayonida kamchiliklar aniqlanganda, ularni bartaraf etish uchun talabgorga muddat bermasdan litsenziya berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi!
Litsenziya berilganligi uchun davlat boji miqdori qancha?
Litsenziya berilganligi uchun davlat boji Bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarida to‘lov undiriladi.
To‘raboyev Jahongir Mahammadjon o‘g‘li –
Andijon viloyat, Xo‘jaobod tuman
Adliya bo‘limi davlat xizmatlari
markazi direktori.