Huquqshunos maslahati


Savol bering, javob beramiz!

1. Intizomiy jazolar ketma-ketlikda qo‘llanilishi shartmi?

    Haqiqatdan ko‘pchilikda intizomiy jazolar ketma-ket qo‘llanilishi shart degan noto‘g‘ri qarash bor. Ya’ni birinchi marta intizomiy qilmish sodir qilgan shaxsga hayfsan, so‘ng jarima va nihoyat mehnat shartnomasini bekor qilish.
    Intizomiy jazolarni ketma-ket qo‘llash shart emas. Intizomiy jazo chorasini qo‘llashda sodir etilgan qilmishning og‘ir-yengilligi, uning sodir etilishi holatlari, xodimning avvalgi ishi va xulq-atvori hisobga olinib, istalgan turdagi intizomiy jazodan birini qo‘llash mumkin.

2. Xodimga ish haqining 1 % miqdorida jarima qo‘llasa bo‘ladimi, jarima xodimning har oydagi oyligidan ushlab qolinadimi?

     Jarima xodimning asosiy (bazaviy) ish haqidan emas, balki o‘rtacha oylik ish haqidan ushlanadi.
   MK 312-moddasiga ko‘ra, xodimga o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda, ichki mehnat tartibi qoidalarida esa xodimga o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima solish hollari ham nazarda tutilishi mumkin.
     E’tibor bering, moddada 30 yoki 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda deyilmoqda. Demak, xodimga o‘rtacha oylik ish haqining 1 foiz miqdorida ham jarima qo‘llash mumkin.

3. Intizomiy jazo qo‘llanilishidan avval xizmat tekshiruvi o‘tkazish, tushuntirish xati va tilxat olish shartmi?

    Har qanday holatda ish beruvchi intizomiy jazo qo‘llanilishidan avval xizmat tekshiruvi o‘tkazishga majbur emas. MK 303-moddasiga ko‘ra, xizmat tekshiruvi o‘tkazish ish beruvchining huquqi hisoblanadi.
     MK 344-moddasiga ko‘ra, muayyan xodimlar tomonidan yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin ish beruvchi yetkazilgan zararning miqdorini va uning kelib chiqish sabablarini aniqlash uchun ushbu Kodeksning 302 — 311-moddalarida nazarda tutilgan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazishi shart.
    Ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilguniga qadar shu jumladan, agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra aniqlangan bo‘lsa yozma tushuntirishni talab qilishi shart.
     Xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
    Xodimga intizomiy jazo chorasini qo‘llash ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
   Eski tahrirdagi Mehnat kodeksida intizomiy jazo berilgani to‘g‘risidagi buyruq (farmoyish) yoki qaror xodimga ma’lum qilinib, tilxat olinar edi. Amaldagi mehnat qonunchiligi bo‘yicha  tilxat olish shart emas.

Muhtarov Davlatbek Otabek o‘g‘li –
Andijon viloyat, Xo‘jaobod tuman 
Adliya bo‘limi boshlig‘i. 










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:



Маълумот