Aralash saylov tizimi to‘g‘risida
Aralash saylov tizimi o‘zida ikkita — proporsional va majoritar saylov tizimini uyg‘unlashtirgan. Unda vakillik organidagi deputatlik o‘rinlarining bir qismi deputatlikka nomzodlarning partiya ro‘yxatiga muvofiq siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda, ikkinchi qismi esa bevosita siyosiy partiya tomonidan bir mandatli saylov okruglaridan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarga berilgan ovozlar natijasiga ko‘ra taqsimlanadi. Mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining joriy yil oktyabrda rejalashtirilgan saylovi ham aynan aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Bunda Qonunchilik palatasining 75 deputati avvalgidek bevosita bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 deputat siyosiy partiyalarning saylovda olgan ovozlari soniga proporsional tarzda, partiya tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlar ro‘yxati bo‘yicha saylanadi.
Majoritar saylov tizimi bo‘yicha siyosiy partiya bir mandatli saylov okruglarining har biridan bittadan, jami 75 ta deputatlikka nomzodni ko‘rsatish huquqiga ega. Proporsional saylov tizimida yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlarning ro‘yxatiga kamida 75, ko‘pi bilan 100 nafar nomzod kiritilishi lozim.
Saylov kodeksi talablariga muvofiq, partiya ro‘yxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning a’zolari yoki partiyasiz bo‘lishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning a’zolari ushbu ro‘yxatga kiritilishi mumkin emas. Ayni bir nomzod faqat bitta partiya ro‘yxatiga kiritiladi. Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘rsatilgan nomzodlar ham partiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkin emas.
Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, shuningdek, partiya ro‘yxati asosida siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida qirq foizini (avval bu miqdor o‘ttiz foiz edi) tashkil etishi kerak. Bunda partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozim. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga aralash saylov tizimi bo‘yicha saylov o‘tkazilishi munosabati bilan har bir saylovchiga saylov kuni majoritar saylov tizimi bo‘yicha bitta, proporsional saylov tizimi bo‘yicha ham bitta, jami ikkita saylov byulleteni beriladi.
Bu yerda quyidagilarga alohida e’tibor berish lozim:
– majoritar saylov tizimida: bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha o‘tkaziladigan saylovda saylov byulleteniga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarning ism-sharifi kiritilgan bo‘ladi;
– proporsional saylov tizimida: Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha o‘tkaziladigan saylovda saylov byulleteniga saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi kiritiladi.
Saylov byulletenini to‘ldirishda saylovchi mustaqil ravishda qaror qabul qiladi, o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etadi, shu tariqa o‘zi ma’qul deb topgan deputatlikka nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz beradi.
Andijon viloyat, Qo‘rg‘ontepa tuman
Adliya bo‘limi YuXKM bosh yuriskonsulti –
Jiyanov Rashid.