Xodimga nafaqani tayinlash hamda to‘lash tartibi
"Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalarni hamda yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga nafaqani tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida”
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi 314-son qaroriga 1-ilova "Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalarni hamda yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga nafaqani tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida"gi Nizomning 22, 23, 24 va 25-bandlariga ko‘ra quyidagi miqdorlarda to‘lanadi:
Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi ish stajining davomiyligidan qat’i nazar, o‘rtacha ish haqining 100 foizi miqdorida quyidagilarga to‘lanadi: baynalmilal jangchilarga; qaramog‘ida 16 yoshga (o‘quvchilar 18 yoshga) yetmagan uch yoki undan ortiq bolalari bo‘lgan xodimlarga; Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda qatnashgan xodimlarga; Chernobil AESdagi avariya natijasida radioaktiv ifloslanish zonasidan evakuatsiya qilingan va ko‘chirilgan, qon hosil qiluvchi organlar kasalliklari (o‘tkir leykoz), qalqonsimon bez (adenoma, rak) va xavfli o‘smalar bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan xodimlarga;
– mehnatda mayiblanish va kasb kasalligi natijasida vaqtinchalik mehnatga layoqatsiz bo‘lgan xodimlarga; pandemiya, texnogen, tabiiy va ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan hollarda, ushbu favqulodda vaziyatlarga sababchi bo‘lgan infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan va 14 yoshgacha bo‘lgan bolasini parvarish qilayotgan ota onalarga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar).
Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan kasalliklar (sil kasalligi, onkologiya kasalliklari, yangidan paydo bo‘ladigan xatarli o‘simtalar, jinsiy yo‘l bilan o‘tadigan kasalliklar, OITS, moxov (lepra) kasalligi, ruhiy kasalliklar) bo‘yicha hisobda turgan xodimlarga umumiy ish stajining davomiyligiga bog‘liq ravishda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi quyidagi miqdorlarda to‘lanadi:
a) umumiy ish staji 8 yil va undan ortiq bo‘lgan xodimlarga o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida;
b) umumiy ish staji 5 yildan 8 yilgacha bo‘lgan xodimlarga o‘rtacha oylik ish haqining 80 foizi miqdorida;
v) umumiy ish staji 5 yilgacha bo‘lgan xodimlarga o‘rtacha oylik ish haqining 60 foizi miqdorida.
Mazkur Nizomning 22 va 23-bandlarida nazarda tutilgan xodimlardan tashqari qolgan xodimlarga vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi quyidagi miqdorlarda to‘lanadi:
a) umumiy ish staji 8 yil va undan ortiq bo‘lgan xodimlarga hamda 21 yoshga yetmagan chin (sag‘ir) yetimlarga o‘rtacha oylik ish haqining 80 foizi miqdorida;
b) umumiy ish staji 8 yilgacha bo‘lgan xodimlarga o‘rtacha oylik ish haqining 60 foizi miqdorida.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli xizmatdan bo‘shatilgandan so‘ng bir oy ichida kasal bo‘lib qolgan sobiq harbiy xizmatchilarga vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi - respublikada belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida to‘lanadi.
Andijon viloyat, Qo‘rg‘ontepa tumani
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti
I. B. Sadikov.