Xoletsistitdan xalos bo‘lish mumkinmi?


   O‘t pufagi yallig‘lanishi (xoletsistit) ayni vaqtda ko‘p tarqalgan xastalik, ayniqsa ayollar o‘rtasida tez-tez uchraydi. Bu kasallikni orttirib olmaslik uchun nimalarga rioya etish lozim? Bemor muolajani kanda qilmaganda  xoletsistitdan xalos bo‘lishi mumkinmi? Bu va boshqa savollarga gastroenterolog-shifokor, tibbiyot fanlari doktori, professor Feruza Hamroboyeva javob beradi. 

- O‘t (safro) jigar hujayralari ishlab chiqaradigan sarg‘ish-qo‘ng‘ir rangli suyuqlik bo‘lib, tarkibida suv, organik moddalar, oqsillar, aminokislotalar, vitaminlar, gormonlar va boshqa moddalar bor. Odam jigari bir kecha-kunduzda 2 litrgacha o‘t ishlab chiqaradi. O‘t pufagi jigarning pastki yuzasidagi maxsus chuqurchada joylashgan. Unda ortiqcha o‘t saqlanadi. O‘t yo‘llari jigar hujayralari orasidan boshlanib, bo‘lakchalar va bo‘laklar oralig‘ida asta-sekin umumiylashib boradi.

   O‘t pufagida o‘tning dimlanib qolishi xoletsistit paydo bo‘lishida asosiy omil sanaladi. O‘t dimlanishiga o‘t (safro) chiqarish yo‘llarining buralib qolishi, siqilishi, anatomik nuqsonlar sabab bo‘ladi. O‘t pufagi yallig‘lanishi jarayonining birdaniga kelib chiqishiga ba’zan ko‘p ovqat yeyish, juda yog‘li, sho‘r yoki achchiq ovqat iste’mol qilish, sovqotish, boshqa a’zolardagi kuchli yallig‘lanish jarayonlari ham ta’sir qiladi. Xoletsistit o‘tkir va surunkali turda kechadi. Masalan, o‘tkir xoletsistit rivojlanishiga o‘t qopida qon aylanishining buzilishi, o‘t qopi bo‘yinchasining bukilib qolishi, me’da osti bezi shirasining o‘t yo‘llariga oqib tushishi sabab bo‘ladi.


 O‘tkir turi to‘satdan boshlanadi

   Kasallikning o‘tkir turi bir necha ko‘rinishda (masalan kataral, yiringli, flegmonali, gangrenali) namoyon bo‘ladi. Kataral xoletsistitda o‘t pufagining shilliq qavati shishadi, qizaradi. Yiringli xoletsistitda o‘t pufagi taranglashadi, tortiladi, pufak bo‘shlig‘ida yiring to‘planadi. Flegmonali xoletsistitda o‘t pufagi shilliq qavati nekrozga uchraydi, ba’zida devori teshilishi ham mumkin. Gangrenali turida esa o‘t pufagining nekrotik jarayoni uning devorlariga tarqaladi.

   Bemor o‘ng qovurg‘a osti va qorin usti sohasida birdaniga og‘riq turganidan bezovtalanadi. Keyin esa og‘riq o‘ng yelka va o‘ng kurak sohasiga tarqaladi.

   Bemor ko‘pincha o‘ng tomonga va orqaga egilgan holatda o‘tiradi, chunki harakat va nafas olish og‘riqni battar kuchaytiradi. O‘tkir xoletsistitda tana harorati oshadi, bemor titrab-qaqshaydi. Til quruqlashadi, oq karash bilan qoplanadi. Bemorning ko‘ngli aynab qusadi, qorni dam bo‘ladi. Gohida qabziyat kuzatiladi.

   O‘tkir xoletsistit og‘ir turlari (flegmonali va gangrenali)da bemor operatsiya qilinadi. Boshqa hollarda (o‘rtacharoq turida) antibiotiklar buyuriladi. Parhezga rioya qilish, issiq shirin choy, ma’danli suvlar va yog‘li ovqatdan o‘zini tiyish bemorning ahvolini ancha yengillashtiradi.

 Surunkali turi uxlatmaydi

   Surunkali xoletsistit o‘tkir xoletsistitdan keyin paydo bo‘ladi. Biroq ko‘p hollarda bu dard mustaqil ravishda, ya’ni o‘t-tosh kasalligi asosida kelib chiqadi. Semirib ketgan, hazm a’zolari va oshqozon osti bezi kasalligiga duchor bo‘lgan kishilarda ham surunkali xoletsistit kelib chiqishi kuzatilgan.

   Surunkali xoletsistitda bemor o‘ng qovurg‘a ostida sust og‘riq sezadi, bu og‘riq ko‘pincha yog‘li va qovurilgan ovqat yegandan 1-3 soat o‘tgach boshlanadi. Bemorning og‘zi taxir bo‘lishi, kekirish, ko‘ngil aynishi, ich dam bo‘lishi, qabziyat yoki ich ketishi singari holatlar bezovta qiladi.

  Shuningdek, surunkali xoletsistit xuruj qilganda bemor asabiy bo‘lib qoladi, uxlolmaydi. Ba’zan dori-darmonlar qabul qilgandan so‘ng bemorning ahvoli yaxshilanadi. Lekin ovqatlanish tartibi buzilsa, spirtli ichimliklar ichilsa yoki og‘ir jismoniy mashqlar bajarilsa kasallik qaytalashi mumkin.

   Ba’zida surunkali xoletsistit uzoq yillargacha cho‘ziladi, goh kuchayib, goh pasayib turadi. Agar bemor yetarlicha muolaja olmasa, surunkali xoletsistit o‘t pufagida toshlar yig‘ilishiga olib keladi.

 
O‘t qopi olib tashlansa...

   Ma’lumki, jigar to‘xtovsiz ravishda o‘t (safro) ajratadi. U o‘t pufagida to‘plana boradi va zarur paytda ovqat hazmi uchun sarflanadi. O‘t pufagi operatsiya qilib olib tashlanganda esa ovqat hazmi faqatgina jigar ajratayotgan o‘t hisobiga amalga oshiriladi. Shuning uchun ham o‘t qopi olib tashlangan bemorlar tez-tez va oz-ozdan ovqat yeyishlari lozim.

   Bundan tashqari, ularning ovqatlari yog‘siz va qovurilmagan bo‘lishi shart. Agar ovqatlanish tartibi izdan chiqsa yoki bemor ko‘p ovqat yeb qo‘ysa, o‘t ishlab chiqarayotgan jigar nihoyatda zo‘riqadi va bemorning ahvoli og‘irlashishi mumkin.

   O‘t qopi olinganda jigar ishlab chiqargan safro doimiy ravishda ichaklarga quyilib, ichak shilliq qavatini yemira boshlaydi. Shu sabab ba’zan o‘t qopi olingach, bemorda ich ketishi boshlanishi mumkin. Bunday bo‘lmasligi uchun doimiy parhez va gastroenterolog nazoratida bo‘lish talab etiladi.

   Umuman, o‘t qopi olib tashlanganidan keyin 1-3 oy davomida bemor parhez qilishi shart. Kuniga 4-6 marta ovqatlanishi zarur. Qatiq, qaynatib dimlangan yoki bug‘da pishirilgan yog‘siz ovqatlar, sabzavot va meva sharbatlari hamda ma’danli suvlar bemorning kundalik taomnomasida bo‘lgani ma’qul.

   Turli pishiriqlar, qovurilgan va dudlangan mahsulotlar, sut yoki tuxum solingan hamirli taomlar hamda barcha qovurilgan ovqatlar tavsiya etilmaydi.

 Qiyshaysa, to‘g‘rilanadimi?

  Ba’zan turli sabablarga ko‘ra (masalan, o‘tkir xoletsistit yoki o‘t-tosh kasalligi tufayli) o‘t pufagining bo‘yinchasi bukilib qayriladi va shakli o‘zgaradi. Bu vaqtda bemorning ko‘ngli ayniydi, qusadi, ovqati hazm bo‘lmaydi, ba’zan qornida og‘riq turadi.

   O‘t pufagi qiyshayganda o‘t (safro)ning ravon o‘tishi qiyinlashib, u dimlanadi, ya’ni uzoq turib qoladi, natijada yeyilgan ovqat yaxshi hazm bo‘lmaydi, bemor o‘ng tomonida noqulaylik, ko‘pincha og‘irlikni his etadi. Ayrim hollarda kishining muntazam og‘ir yuk ko‘tarishi tufayli ham o‘t pufagi qayriladi.

   Keksalik yoshiga yaqinlashayotgan yoki jismonan zaif odamlarda o‘t pufagining qiyshayishi o‘z-o‘zidan ro‘y beradi. Ko‘pchilik bemorlar «Qiyshaygan o‘t pufagini to‘g‘irlash uchun operatsiya qilish shartmi?» deb so‘rashadi. Agar bemor buyurilgan dori-darmonlarni o‘z vaqtida qabul qilsa va parhezga rioya etsa o‘t (safro) ajralishi yaxshilanib, ichaklarga o‘tishi ravonlashadi va shunda o‘t pufagi o‘z holiga qaytadi. O‘t pufagida qiyshayish bor bemorlar yog‘li va qovurilgan ovqatlar, ichni dam qiladigan shokolad va donli mahsulotlarni hamda xamirli taomlarni vaqtincha yemay turganlari ma’qul. Ziravorlar, qovurilgan tuxum, nordon mevalar va qahva ham vaqtincha ta’qiqlanadi.

   Bemor go‘sht va baliqning yog‘li turlarini, qo‘y va mol yog‘ini, yog‘li sho‘rvalar, kakao, shokolad, o‘tkir, achchiq taomlar, tuxum sarig‘ini iste’mol qilishi mumkin emas. Sut mahsulotlaridan tayyorlangan taomlar, masalan, yog‘siz qatiq, tvorog, suzma yeb turish, ho‘l mevalar va sabzavotlardan xohlagancha yeyish mumkin. Ichning ravon kelishiga ahamiyat bering. Bunda meva sharbatlari yaxshi yordam berishini unutmang.

   Shuni ham unutmangki, o‘z vaqtida muolaja olmasangiz, surunkali xoletsistit bora-bora xolangit (jigarning ichki va tashqi o‘t yo‘llari yallig‘lanishi), gepatit (jigar yallig‘lanishi), pankreatit (me’da osti bezi yallig‘lanishi) singari kasalliklarni ham o‘ziga «ergashtirib» keladi.



G. JAMILOVA yozib oldi.


Xoletsistitni davolashda qo‘shimcha muolajalar


   Bir oshqoshiq quritilgan tirnoqgul (kalendula) yaproqlariga bir yarim stakan qaynoq suv quyib, past olovda 5-6 daqiqa qaynating. Biror soat dam yediring, so‘ng dokada suzib oling. Bu qaynatma safro (o‘t) haydash va yallig‘lanishga qarshi xususiyatga ega bo‘lib, o‘t yo‘li kasalliklarida kuniga -2-3  mahal chorak stakandan ichiladi.

*  *  *

   Karamni go‘shtqiymalagichdan chiqarib, doka yordamida suvini siqib oling. Idishga solib salqin joyda bir-ikki kun saqlang. Xoletsistitda kuniga 3-4 mahal ovqatdan yarim soat oldin ichiladi.

   Shuningdek, tuzlangan karam suvi ham safro haydash xususiyatiga ega. Uni har ikki-uch soatda bir stakandan ichish tavsiya etiladi.

*  *  *

   Bir oshqoshiq dalachoy (zveroboy) ning ustidan bir stakan qaynoq suv quyib, choy kabi damlanadi. Yarim soat turgach, dokada suzib oling. Kuniga 3-4 mahal ovqatlanishdan yarim soat avval chorak stakandan ichiladi.

*  *  *

   Bir oshqoshiq shivit urug‘i ustidan ikki stakan qaynagan suv quyib, past olovda 15 daqiqa qaynatiladi. Sovigach suzib olinadi. Yarim stakandan kuniga 4 mahal iliq holida ichiladi.

*  *  *

   Bo‘znoch (bessmertnik) gullaridan tayyorlangan qaynatma o‘t pufagi kasalliklarida shifo bo‘ladi. Uch oshqoshiq quritilgan bo‘znoch gullari sirli idishga solinib, ustidan bir stakan qaynagan suv quyiladi va og‘zi yopilgan holda suv hammomiga (?) yarim soat muddatga qo‘yiladi. So‘ng sovitilib dokadan suziladi. Kuniga 2-3 mahal ovqatlanishdan chorak soat oldin, yarim stakandan iliq holida ichiladi.

*  *  *

   Yangi tayyorlangan karam sharbati (qirg‘ichdan chiqarib siqib olingan suvi) ni har kuni  ovqatlanishdan yarim soat oldin, yarim stakandan bir hafta davomida ichish kerak.

   Yarim stakan karam sharbatiga chorak stakan tuzlangan karam suvini aralashtirib, ovqatdan oldin iliq holda ikki mahal 7-10 kun mobaynida ichiladi.

* * *


   Makkajo‘xori popugidan tayyorlangan qaynatma o‘t pufagi xasta-liklarida juda foydali. Qaynatma quyidagicha tayyorlanadi: 2-4 oshqoshiq popukning maydalangani olinib, bir yarim stakan qaynoq suvda 30 daqiqa juda past olovda qaynatiladi. Har kuni 3-4 soatda bir marta 1-2 oshqoshiqdan ichib turiladi.

* * *


   Qariqiz (lopux) urug‘idan bir necha donasi bir stakan sutga solib qaynatiladi va har kuni ovqatlanishdan oldin 50 grammdan ichiladi.


* * *


   Zaytun moyi kuniga nahorda yarim choyqoshiqdan ichiladi va bu miqdor sekin-asta chorak stakanga yetkaziladi. So‘ng ikki hafta dam olib, muolaja yana takrorlanadi.

*  * *

   Bodring  sharbati olinib, bir stakaniga bir oshqoshiq asal solib aralashtiriladi. Uni bo‘lib-bo‘lib kun davomida 3-4 mahal iste’mol qilib turilsa, o‘t yo‘llaridagi muammolarni bartaraf etadi.

*  *  *

   Turp qirg‘ichdan o‘tkazilib, sharbati siqib olinadi. So‘ng teng miqdorda asal bilan aralashtirilib, och qoringa oz-ozdan ichib turiladi. Bu muolaja o‘t yo‘llarida tosh paydo bo‘lishining oldini ham oladi.


* * *


   O‘t pufagi xasta bemorlar na’matak damlamasi (termosda 7-8 soat damlangani) ni ichib turishlari, yong‘oq, uzum, karam, kartoshka, pomidor, shivit va kashnichni mumkin qadar ko‘proq iste’mol qilishlari tavsiya etiladi.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот