Shunchaki


    O‘zbekiston xalq shoiri - Halima Xudoyberdiyevaing 1973 yilda chop etilgan «OQ OLMALAR» nomli she’riy to‘plamidan. "Shunchaki".

       Muzaffar Muhammadnazar ijrosida.


Men shunchaki o‘ylagim kelmas, 
Xayol — sharob misol qilsin sarxush, mast. 
Men shunchaki kuylagim kelmas, 
Ovoz pardalarim chidab bersa bas.


Qo‘lingga tusharkan jajji chaqaloq, 
Shunchaki sevmoqda qanday lazzat bor. 
Kerak chinqirtirib o‘pib, tishlamoq, 
Biz ham go‘daklikda topganmiz ozor.


Shunchaki sevilmoq — baxti qoralik, 
To‘la tole uchun bu kemtik, bu kam. 
Mening qalbim shunday sevgiga molik, 
Bir charsillab yonay, so‘ngra so‘nsam ham.


Ohangga shunchaki solmasdan quloq, 
Tarjima qilib yoz sim sadolarin. 
Axir buloqmasmish tog‘dagi buloq, 
Ko‘z yoshlarimish u ishq gadolarin.


Shunchaki kulmoq ham istehzodek gap, 
Birdan qah-qah uray, cho‘chib ketsinlar. 
Boshlariga osmon tushganday qulab, 
G‘aflat bandalari yoqa tutsinlar.


Shunchaki yig‘lash ham yarashmas bizga, 
Uni eplar faqat yuragi toshlar. 
Shunday yig‘lay, hojat qolmasdan so‘zga, 
Qurg‘oq ko‘zlardan ham quyilsin yoshlar.


Shunchaki yozmoq-chi, ko‘ngil to‘lmaydi, 
Shunchaki yozmog‘ga bormaydi qo‘lim. 
Shunchaki yozganga chidab bo‘lmaydi, 
Shunchaki yozmoq, bu — shoirga o‘lim. 

1971 yil 20 oktyabr










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот