Dardkash qalbni izlaydi


  O‘zbekiston xalq shoiri - Halima Xudoyberdiyevaning 1968 yilda chop etilgan «ILK MUHABBAT» nomli she’riy to‘plamidan. "Dardkash qalbni izlaydi". 

   Muzaffar Muhammadnazar ijrosida.


O‘ylamangki, uning qalbi yo‘q — 
Ko‘pni sevar, ko‘pni ko‘zlaydi. 
Hamma bilan bo‘lsa ham do‘st, sho‘x — 
U bir dardkash qalbni izlaydi.


Hayot takror uchrashtirarkan, 
Kimni «sen»lab, kimni «siz»laydi. 
Yo‘q, ularga bermaydi u tan — 
U bir dardkash qalbni izlaydi.


Dersiz «oshiq»lari emas kam, 
U, qanchasi unga so‘zlaydi». 
Dil rozlarin tinglab turib ham — 
U bir dardkash qalbni izlaydi.


Yoki demang «qish sovug‘iday, — 
Unga yaqin yurgan muzlaydi». 
O‘zgalarga harorat bermay — 
U bir dardkash qalbni izlaydi.


Demang, ma’yus tortib qolgan dam — 
«Unutgan oshig‘in eslaydi». 
Ishonchini hamon qilmay kam, 
U bir dardkash qalbni izlaydi. 
1967 yil 8 iyun










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот