ALMAZ ULVI HAYOTI VA IJODIGA NAZAR.


ALMAZ ULVI HAYOTI VA IJODIGA NAZAR. 
“ALISHER NAVOIYNING ASRI VA NASRI”  ASARI HAQIDA. 

     Gulbahor Ashurova - Fuzuliy nomidagi o’zbek- ozarbayjon ilmiy - tadqiqot markazi rahbari, dotsent, filologiya fanlari nomzodi. 

      Ozarbayjon adabiyotshunosligida o’zbek adabiyoti ko’pgina tadqiqotlarga mavzu bo’lib, o’rganilib kelinmoqda. Klassik namoyandalar ijodi qatorida XX asr o’zbek adabiyoti ozarbayjon kitobxonlariga butkul bo’lmasa-da, deyarli tanish. O’zbek xalq og’zaki ijodining ertak, doston, topishmoq, maqol kabi janrlardagi betakror namunalari ozarbayjonchaga moslashib ulgurgan. Abdurauf Fitrat, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho’lpon, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Zulfiya, G’afur G’ulom, Maqsud Shayxzoda, Komil Yashin, Jamol Kamol kabi adiblarning asarlari  ozar tiliga o’girilib, alohida kitob holida chop etilgan. Mukammal proza va she’r antologiyalari tuzilgan. Shuningdek, adabiyotshunoslik ilmida ham qator ishlar amalga oshirilgan. O’zbek adabiyoti barcha davrlar bo’yicha o’rganilmoqda. Alohida ilmiy maqolalardan tashqari, G’ulomhusayn Aliev, Ozod Nabievlar nomzodlik, Xalil Rizo Ulug’turk, Jannat Nagieva, Ozod Aliev, Almos Ulvi Binnatovalar doktorlik dissertatsiyalari o’zbek adabiyoti tadqiqiga bag’ishlagan.
     O’tgan asr o’zbek adabiyotshunoslarining ozarbayjon adabiyotiga doir olib borgan ishlaridan xabardormiz. Vohid Abdullaev, Vohid Zohidov, Izzat Sulton, Natan Mallaev, Laziz Qayumov, Hamid Sulaymonov, Porso Shamsiev, Suyima G’anieva, Sherali Turdiev, Hasanxo’ja Muhammadxo’jaev, Said Aliev, Xoliq Ko’ro’g’li, Akif Bagirov, Yashar Qosimov kabi olimlarning bu borada amalga oshirgan xizmatlari tahsinga loyiq. Shoir va tarjimon Jamol Kamol, Usmon Qo’chqor, Shahlo Qosimova, Gulbahor Ashurova kabi ijodkor-tadqiqotchilarning  hamkorlik ishlarini aytib o’tish mumkin. 2018 yilda O’zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa” asarini o’zbek tiliga tarjima qildi. 2019 yilda atoqli adabiyotshunos olim, professor Ramiz Askar Navoiyning  “Xamsa” asarini ozarbayjon tiliga o’girdi! Bu voqe’lik aslida mushtarak xalqlar adabiyotida olamshumul ahamiyatga molik voqelikdir. Ushbu yilda Nizomiy Ganjaviyning 880 yilligi, hamda Alisher Navoiyning 580 yillik yubileyi  xalqaro miqyosda keng nishonlanmoqda. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan 2021 yil – Ozarbayjonda Nizomiy Ganjaviy yili deb e’lon qilinishi   –  buyuk ijodkorga hurmat va ehtirom ramzidir. Qiyosiy adabiyotshunoslik yo’nalishida  o'zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari haqida gap ketganda, birinchi bo'lib turkiy tilda “Xamsa” ni yaratgan buyuk so’z san’atkorini eslaymiz.  Alisher Navoiy hayoti va ijodiga e'tibor berish –  O'zbekistonda ham, Ozarbayjonda ham tadqiqotchilar uchun boy ilmiy manba, yuksak qadriyat sifatida ulug’lanadi.  Alisher Navoiy ijodiy merosini o’rganish O’zbekiston-Ozarbayjon adabiy va madaniy aloqalarining rivojining yuksak cho’qqisi hisoblanadi.
     Bugun ozarbayjonlik taniqli olima, o’zbek adabiyotining ozarbayjondagi tadqiqotchisi va  targ’ibotchisi,  navoiyshunos  Almaz Ulvining “Alisher Navoiyning asri va nasri” kitobi haqida gapirishdan oldin olima haqida fikr mulohazalarimni aytib o’tmoqchiman.
Almaz Ulvi Kosim qizi Binnatova 1960 yil 8 avgustda ziyoli oilasi tug’ilgan. Baku Davlat Universitetida oliy ma’lumotni olib, 1993 yildan Ozarbayjon Milliy Ilmlar Akademiyasida  Milliy  Munosabatlar Institutida, so’ng esa Ozarbayjon FA Nizomiy nomidagi Adabiyot institutida faoliyatda bo’ldi. Hozirga qadar ushbu institutning “Ozarbayjon-Turkmaniston-O’zbekiston adabiy aloqalari” bo’limining boshlig’i lavozimida ishlaydi. Ozarbayjon-O’zbek adabiy munosabatlari masalasida ilmiy-tadqiqot ishini olib borgan. Turkiy xalqlar  adabiyoti bilan bog’liq yo’nalishlarda ham salmoqli tadqiqotlar olib borgan.
Almaz Ulvi turli gazeta va jurnallarda, kitob va almanaxlarda, turli to’plamlarda 700dan ortiq maqola va publitsistik yozishmalarini kuzatish mumkin.  Ozarbayjon Milliy Ilmlar Akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutida  “Alisher Navoiyning asri va nasri” (Ilmiy –filologik, diniy tasavvufiy asarlari) “San’atkorning ilmiy pasporti” seriyasida chop etilgan kitob 2020 yil Bakida chop qilingan. Ozarbayjon-o’zbek adabiy aloqalari qadimiy tarixga va buyuk an’alarga ega bo’lsa-da, bu aloqalarning yuqori cho’qqisi buyuk ijodkor  Alisher Navoiy she’riyati va uning ijodi bilan bog’liq.  Navoiyning nomi va asarlari O'zbekiston - Ozarbayjon adabiy va madaniy aloqalarining asosini tashkil etadi. Shuningdek, Alisher Navoiy ijodiy merosi ta’sirini O'zbekiston -  Ozarbayjon adabiy aloqalarining ramzi, bayrog’i deb aytish mumkin. Alisher Navoiy shayx Nizomiy Ganjaviyni o’zining buyuk ustozi deb bilgan.
     Almas Ulvi  Ozarbayjon-O’zbekiston adabiy aloqalari borasidagi tadqiqotlarining katta qismi alisher Navoiy ijodiy merosi bilan bog’liq. O’zbek adabiyotiga ulkan muhabbati, do’stlik va an’analarga buyuk ehtiromi Almas Ulvining adabiy aloqalarga bag’ishlangan ilmiy tadqiqotlarida o’z aksini topgan. Professorning o’zbek adabiyoti, ayniqsa Alisher Navoiy ijodiga bag’ishlan “Alisher Navoiyning asri va nasri” kitobining Ozarbayjonda nashr etilishi bizni quvontirdi. Shuni ta’kidlash lozimki, Almas Ulvining “Alisher Navoiyning nasri va asri” kitobida butun e’tibor navoiyning epic va lirik asarlariga qaratilgan bo’lib, adibning  har bir asarlari badiiy talqinida  uning yangi bir jihatlarni topib  yoritidi.
     Kitobda qayd etilgan: “Alisher Navoiyning Nizomiy Ganjaviyga munosabati va Muhammad Fuzuliyning Alisher Navoiy haqidagi yuksak qarashlari xalqlarimiz o'rtasidagi adabiy aloqalarning tamal toshi hisoblanadi” – deb ta’kidlaydi muallif o’z mulohazasida.
     Almaz Ulvining “Alisher Navoiyning asri va nasri” monografiyasi (ilmiy-filologik va diniy-tasavvufiy asarlari) mustaqillik davri ozarbayjon navoiyshunosligi  namunasidir. Ushbu monografik tadqiqot ishida Alisher Navoiy davri va hayoti bilan bir qatorda badiiy nasri ham chuqur va har tomonlama o'rganilib o'quvchilarga taqdim etiladi. Kitob Navoiyning yigirma bir  asarini o’qib-o'rganish va anglashda aniq  manba sifatida qimmatlidir.
     Ushbu asarda Navoiy yashagan  davr manzarasini tasvirlash bilan o’sha davr tarixiy voqe’likdan xabardor bo’lish barobarida, adibning yigirma bir asari, ijod durdohalari haqida ham to’liq ma’lumot berilishi qardosh kitobxonlarga Alisher  Navoiy haqidagi tasavvurlarini kengaytiradi.  
     Ushbu monografiya akademik Isa Habibeylining “Ozarbayjon navoiyshunosligining yangi sahifasi” nomli so’zboshisi bilan boshlangan. Dastlabki bob “Alisher Navoiy: davri, hayoti va ijodi sahifalari” deb nomlanadi.  Navoiy yashagan davrga qadar o’zbek tili – chig’atoy turkchasining bosib o’tgan yo’li haqida qimmatli ma’lumotlar berib o’tiladi.
     Ikkinchi bob Amir “Alisher Navoiy adabiy xazinasining injulari” deb nomlanib shoirning hayoti va ijodiga batafsil to’xtaladi. Tadqiqotning keyingi qismi Navoiyning ilmiy-filologik, diniy tasavvufiy asarlari xronologiyasi yoritiladi. Keyingi qism adibning til va adabiyotga doir asarlari: “Muhokamat-ul lug’atayn”, “Mezonul -avzon”, “Sab’at abhur” asarlari haqida ma’lumot beriladi. Ba’zi asarlari haqida izoh va tahlillar, “Munshaot”, “Vaqfiya” haqida batafsil ma’lumot beriladi.
Keyingi qism avtobiografik xarakterdagi asarlar таlqini  bo’lib, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Xamsatul mutaxayyirin”, “Holoti Pahlavon Muhammad” singari asarlari tahlili va talqini yoritilgan.
     Keyingi qism asosan adibning tazkiralari haqida ma’lumot beradi: “Majolis un - nafois”, “Nasoyimul muhabbat” tazkiralari kiritilgan, muallif bu asarlar haqida ham salaflari o’zbek va ozar navoiyshunoslarning tadqiqotlariga suyanib fikr-mulohaza yuritadi.
     Navbatdagi fasl Navoiyning tarixiy asarlari, “Zubdatut - tavorix”, “Tarixi anbiyoyi hukamo”, “Tarixi muluki ajam” asarlari haqidadir. Keyingi qism Navoiyning diniy – tasavvufiy asarlari sharhiga bag’ishlanadi. “Hadisi Arba’in”, “Nazmul javohir”, “Lisonut tayr”, “Qissayi shayxi San’on”, “Sirojul-muslimin”, “Mahbub – ul qulub”, “Risolayi tiyr andoxtan”, “Munojot” kabi asarlari sharhlariga ham batafsil to’xtalib, muallifning shaxsiy mulohazalari ham keng yoritilgan.
     Keyingi qism Alisher Navoiyning  biror asariga kiritilmagan ayrim   qo’lyozmalari va  Alisher Navoiyning adabiy taxalluslari haqida ma’lumot beriladi. Shunigdek, mashhur Hirot shahridagi Navoiy qurdirhan va obod etgan binolar va majmualar haqida ma’lumotlar keltiriladi.
     Keyingi  1-ilova “Majolisun-nafois” asarida nomlari zikr etilgan  ijodkorlarning nomlari, 2-ilovada esa “Nasoyimul-muhabbat”da keltirilgan shayxlar, avliyo-anbiyolar haqida ma’lumot beriladi.
     Keyingi mavzu “Alisher Navoiy va Ozarbayjon” haqida bo’lib, ozarbayjon navoiyshunosligi  va adabiyotshunosligida Navoiy asarlarining o’rganilishi masalasi keng va atroflicha yoritiladi.
     Kitob so’nggida, muallif Almaz Ulvining o’zbek adabiyoti va Navoiy ijodi bilan bog’liq yozgan asarlari  haqida ma’lumot beradi.  
Biz ishonamizki, Almaz Ulvi Bunnatovaning “Alisher Navoiyning asri va nasri” (ilmiy-filologik va diniy-tasavvufiy asarlari) monografiyasi O’zbekistonda va  qardosh Ozarbayjonda ilmiy jamoatchilik uchun katta qiziqish uyg'otadi.
     Shu ma’noda  Almaz xonimning bu kitobi  xalqlarimiz va mamlakatlarimiz o’rtasidagi ko’p asrlik aloqalarini yanada mustahkamlash va taraqqiy etishiga xizmat qiladi. Bunga shak-shubha yo’q. Bu o’zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari, Navoiy ijodi bilan bog’liq  olimaning ko’p yillik izlanishlari, tinimsiz mehnati samarasi, qolaversa, Navoiy shaxsiyati, ijodiy merosi va o’zbek adabiyotiga bo’lgan ulkan ehtiromi, desak adashmagan bo’lamiz. Shu o’rinda, Almas Ulviga cheksiz minnatdorchiligimizni bildirib, o’zbek-ozarbayjon adabiy aloqalarini yanada mustahkamlash yo’lidagi ishlariga ulkan rivoj tilaymiz!










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот