Halok boʻlgan harbiy xizmatchilar oila aʼzolari
Halok boʻlgan harbiy xizmatchilar oila aʼzolari ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanadi
“Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2023 yil 1 apreldan:
- halok boʻlgan harbiy xizmatchi (xodim) oila aʼzolariga biryoʻla beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi boʻyicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yigʻindisining 150 baravari miqdorida belgilanadi;
- harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sugʻurtasi doirasida harbiy xizmatchi (xodim) halok boʻlganda toʻlanadigan sugʻurta summasi BHMning 200 baravari miqdorida belgilanadi.
2023 yil 1 maydan:
- oilaning mehnatga layoqatsiz har bir aʼzosiga boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul taʼminotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilanadi;
- oila aʼzolari (ota-onasi, turmush oʻrtogʻi, 23 yoshga toʻlmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan boʻlsa, oʻsha oyda har bir oy uchun mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod etiladi;
- belgilangan tartibda turarjoyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turarjoy bilan birinchi navbatdagi tartibda taʼminlanadi.
2023 yil 1 iyundan:
- halok boʻlgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha taʼlim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va OTMda davlat granti asosida qoʻshimcha kvotalar boʻyicha taʼlim olishi taʼminlanadi;
- halok boʻlgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga 2 marta temir yoʻl va havo yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi.
2023 yil 1 dekabrgacha quyidagi qonun loyihalari ishlab chiqiladi:
- “Faxriylar toʻgʻrisida”gi;
- “Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi;
- “Harbiy xizmatchilarning pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi.
S. Isakov - Andijon viloyat Adliya boshqarmasi Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish sho‘basi Boshlig‘i.