MA’MURIY ISLOHOTLARINI AMALGA OSHIRISH


YANGI O‘ZBEKISTON MA’MURIY ISLOHOTLARINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

   So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning muhim sharti hisoblangan samarali faoliyat yurituvchi boshqaruv tizimini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ma’muriy islohotlar amalga oshirildi.
   Jumladan, davlat organlarining sohaga oid bo‘lmagan vazifalarini qisqartirish va faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali ularning tuzilmasi o‘rtacha 15 foizga maqbullashtirildi, shuningdek, 26 ta davlat organlari va tashkilotlarida 40 ta rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari qisqartirildi.
   Davlat organlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish hisobidan byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yaxshilash maqsadida 30 ga yaqin turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, 70 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirildi, davlat tashkilotlari tomonidan 60 dan ortiq hujjatlarni talab qilish bekor qilindi.
   «Elektron hukumat» tizimining foydalanuvchilari soni 4 milliondan oshib, u orqali davlat idoralarining 130 dan ortiq axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlari yaratildi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida qariyb 350 turdagi xizmatlar onlayn shaklda ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.
   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi kengashining Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarining birinchi bosqichi doirasida 2023 yil 1 yanvardan boshlab mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining sonini 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan vazirliklar sonini 25 tadan 21 tagacha qisqartirish bo‘yicha taklifi ma’qullanib, Vazirlar Mahkamasi tizimini quyidagi vazirliklar tashkil etadi:
•    Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;    
•    Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
•    Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi;
•    Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi;
•    Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi;
•    Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
•    Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi;
•    Tabiat resurslari vazirligi;
•    Yoshlar siyosati va sport vazirligi;
•    Qishloq xo‘jaligi vazirligi;
•    Suv xo‘jaligi vazirligi;
•    Raqamli texnologiyalar vazirligi;
•    Adliya vazirligi;
•    Transport vazirligi;
•    Madaniyat va turizm vazirligi;
•    Mudofaa vazirligi;
•    Energetika vazirligi;
•    Sog‘liqni saqlash vazirligi;
•    Tashqi ishlar vazirligi;
•    Ichki ishlar vazirligi;
•    Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
   2023 yil 1 yanvardan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining samarali ish faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan har bir respublika ijro etuvchi hokimiyat organining yil davomida erishishi zarur bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) belgilanadi;
- respublika ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari har yil boshida o‘zining o‘rinbosarlari kesimida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga (indikatorlarga) erishish bo‘yicha harakatlar dasturini ishlab chiqib, jamoatchilikka taqdim qiladi;
- harakatlar dasturiga asosan respublika ijro etuvchi hokimiyat organining hududiy bo‘linmalari rahbarlari maqsadli ko‘rsatkichlarga (indikatorlarga) erishish bo‘yicha hududiy rivojlanish dasturini ishlab chiqib, jamoatchilikka taqdim qiladi;
- respublika ijro etuvchi hokimiyat organi va uning hududiy bo‘linmalari rahbarlari yil yakuniga qadar harakatlar va hududiy rivojlanish dasturlari amalga oshirilishi va maqsadli ko‘rsatkichlarga (indikatorlarga) erishish holati yuzasidan hisobot berishi va ochiq e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

   B. Sattarov - Andijon viloyat, Paxtaobod tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yurist konsulti.










Гость, изоҳ қолдирасизми?
Имя:*
E-Mail:


Маълумот